Ona tili bor ekan, millat yashaydi!
21-oktabr – O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabida o‘quvchilar o‘rtasida «Zakovat» intellektual o‘yini tashkil etildi.
Mazkur intellektual bellashuv o‘quvchilarning bilim va tafakkurini sinovdan o‘tkazish, mantiqiy fikrlash qobiliyatini rivojlantirish, dunyoqarashini kengaytirish, jamoaviy hamkorlik ko‘nikmalarini mustahkamlash hamda ona tilimizga bo‘lgan mehr va ehtiromni yanada yuksaltirishga xizmat qildi.
Tadbir davomida ishtirokchilar o‘z bilimlari, topqirliklari va zukkoliklarini namoyon etib, berilgan savollarga mantiqiy yondashuv asosida javob topishga intildilar. Qizg‘in bahs-munozaralar, o‘zaro fikr almashish va jamoaviy hamjihatlik bellashuvga ko‘tarinki ruh bag‘ishladi. Har bir savol o‘quvchilarni mustaqil fikrlashga, izlanishga va o‘z bilimlarini yanada boyitishga undadi.

Ona tili millatning ruhi, milliy o‘zligimiz ko‘zgusi, ma’naviy birligimiz asosi va xalqimizning bebaho boyligidir. Unda ajdodlarimizning ko‘p asrlik tarixi, donoligi, orzu-intilishlari, madaniyati va boy ma’naviy merosi mujassam. Shu bois ona tilimizni asrab-avaylash, uning sofligini saqlash, nufuzini yuksaltirish va kelajak avlodlarga munosib yetkazish har birimizning muqaddas burchimizdir.
Bunday ma’rifiy tadbirlar yosh avlod qalbida ona tiliga muhabbat, milliy qadriyatlarga hurmat va Vatanga sadoqat tuyg‘ularini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, o‘quvchilarni kitob mutolaasiga, ilm-ma’rifatga, mustaqil izlanishga va o‘z ustida muntazam ishlashga undab, ularning intellektual salohiyatini yuksaltirishga zamin yaratadi.

«Zakovat» maydonidagi bellashuv ishtirokchilarning nafaqat bilimlarini, balki tezkor fikrlash, to‘g‘ri qaror qabul qilish, jamoa bilan hamjihatlikda ishlash va maqsad sari intilish kabi muhim fazilatlarini ham namoyon etdi. O‘quvchilar har bir javob zamirida izlanish, bilim va teran tafakkur mujassam ekanini yana bir bor isbotladilar.
Ona tilimiz milliy g‘ururimiz, ma’naviy tayanchimiz va kelajak avlodlarga qoldiradigan eng bebaho merosimizdir. Uni sevish Vatanni sevish, ardoqlash esa milliy o‘zligimiz va qadriyatlarimizga sadoqat belgisidir.
N.Usmonova, O‘zA