Turkiy dunyoda fuqarolik diplomatiyasi: Boku forumi yangi muloqot platformasiga aylanmoqda
Shu kunlarda Ozarbayjonning Boku shahrida bo‘lib o‘tayotgan shaharlashtirish haftaligi doirasida Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar nodavlat notijorat tashkilotlari II-Hamjihatlik forumi ham o‘tkazildi. Mazkur anjuman so‘nggi yillarda turkiy makonda fuqarolik jamiyati instituti tobora faol geosiyosiy va gumanitar omilga aylanayotganini ko‘rsatdi.
Tadbirda Turkiya, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Ozarbayjon va Shimoliy Kipr vakillari ijtimoiy tadbirkorlik, yoshlar siyosati, inklyuziv jamiyat, madaniy meros va barqaror shahar mavzularini atroflicha muhokama qildi.
Tahlilchilar fikricha, forumning o‘ziga xosligi turkiy davlatlar hamkorligini davlat darajasidan jamoatchilik va ekspertlar darajasiga ko‘chirishga umumiy intilish bilan bog‘liq. Ilgari turkiy integratsiya asosan siyosiy-iqtisodiy yo‘nalishda ko‘rilgan bo‘lsa, endilikda NNT, aqliy markazlar hamda yosh yetakchilar ham ushbu jarayonning faol ishtirokchilariga aylanmoqda.
Ma’lumki, mamlakatimiz fuqarolik jamiyati institutlari vakillarining xalqaro jamoatchilik muloqotidagi faolligi keskin ortdi. Xususan, ochiq muloqot, ekspert diplomatiyasi va ayni yo‘nalishdagi faoliyatni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan samarali yondashuv xalqaro maydonda ham aks etmoqda. Ayniqsa, Turkiy davlatlar va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi gumanitar sheriklik ko‘lami kengayishi mintaqa uchun yangi muloqot muhitini shakllantirmoqda.

Ekspertlar fikricha, Boku forumining yana bir muhim jihati hamkorlikni faqat rasmiy darajada emas, balki jamiyat va ekspertlar o‘rtasida ham mustahkamlashga xizmat qilishida. Bugungi kunda global barqarorlik ko‘p jihatdan ishonchli gumanitar aloqalar, NNT hamkorligi va intellektual muloqotga ham bog‘liq. Shu ma’noda, mazkur tadbir kelgusida Turkiy makonda umumiy fuqarolik va gumanitar kun tartibini shakllantirish uchun qulay platforma vazifasini bajaradi.
Qayd etilganidek, 2022-yildan keyin ayni jarayon izchil institutsionallasha boshladi. O‘tgan davr mobaynida tashkil qilingan ko‘plab anjumanlar turkiy makonda fuqarolik diplomatiyasi va gumanitar integratsiyani yangi bosqichga ko‘tarish maqsadini ko‘zlagan. Boku muloqoti mazkur forumlar silsilasidagi ikkinchi umumturkiy yig‘ilish sifatida keng qamrovli maydonga aylandi. NNT va intellektual markazlarni yig‘ib, yangi “intellektual va fuqarolik integratsiyasi” maydonini yaratdi. Ta’kidlanganidek, alohida hamkorlik forumlari ko‘payishi va doimiylik kasb etishi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi gumanitar aloqalarni institutsionallashtirish tendensiyasi yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Ozarbayjon yetakchi o‘rin tutgan ushbu jarayonda fuqarolik diplomatiyasi davlatlar o‘rtasidagi rasmiy siyosatni samarali qo‘llab-quvvatlayotgani e’tirof etilyapti.
Kun tartibidan ijtimoiy tadbirkorlikni rag‘batlantirish, yoshlar va ayollar imkoniyatini kengaytirish, madaniy merosni asrash, shaharlarni barqaror rivojlantirish va inklyuziv jamiyat qurish singari muhim mavzular o‘rin oldi. Bu masalalar “yashil” iqtisodiyot, raqamli transformatsiya va inson kapitalini rivojlantirish bilan uzviy bog‘liq.
Bir so‘z bilan aytganda NNT forumi turkiy dunyoda fuqarolik diplomatiyasi va gumanitar integratsiya yangi bosqichga ko‘tarilayotganini ko‘rsatdi. Davlatlar o‘rtasidagi rasmiy munosabat bilan birga fuqarolik jamiyati institutlari aloqalari kengaymoqda. Ishtirokchilar yangi tashabbuslar ilgari surib, yoshlar va tadbirkorlar uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratib, madaniy va intellektual bog‘liqlikni mustahkamlamoqda. Ayni tendensiyalar TDT doirasida barqaror va inklyuziv rivojlanish uchun mustahkam poydevor yaratilayotganini anglatadi.
Go‘zal Sattorova, O‘zA