Boku yirik forumga mezbonlik qilmoqda
18-may kuni Ozarbayjonning Boku shahrida Butunjahon urbanizatsiya forumi 13-sessiyasi bo‘lib o‘tadi.
BMT Aholi punktlari bo‘yicha dasturi shafeligida o‘tkazilayotgan mazkur yirik anjuman Yetakchilar sammitida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham ishtirok etadi.
Tadbirda shaharlarni barqaror rivojlantirish, odamlarni arzon uy-joy bilan ta’minlash, shahar muhiti sifatini oshirish, iqlim barqarorligi va uy-joyni moliyalashtirish mexanizmini takomillashtirish masalalari ko‘tariladi. Global uy-joy inqirozi, barqaror urbanizatsiya va xavfsiz shaharlar qurish ham muhokama qilinadigan asosiy mavzular sifatida belgilangan.
BMT Aholi punktlari dasturi – “UN-Habitat” ma’lumotiga ko‘ra, hozir dunyo bo‘ylab 1 milliarddan ko‘p inson xaroba yoki norasmiy aholi manzilida istiqomat qiladi. Tashkilot ogohlantirishicha, shoshilinch choralar ko‘rilmasa, 2050 yilga borib xarobada yashovchilar soni 3 milliardga yetishi mumkin.
BMTning Ozarbayjondagi aholi punktlari dasturi bo‘limi rahbari Anna Save aytishicha, uy-joy qurilishi shaharlar kelajagi, iqlim o‘zgarishiga chidamlilik, ijtimoiy-iqtisodiy farovonlik va hayot sifati bilan bevosita bog‘liq.

Forumda hukumatlar mas’ul vakillari, ekspertlar, biznes hamjamiyati, fuqarolik jamiyati a’zolari amaliy yechimlarni tahlil qiladi. Qayd etilishicha, mazkur nufuzli anjumanga mezbonlik Ozarbayjon uchun rekonstruksiya, shaharsozlik va uy-joy sektoridagi barqaror rivojlanish masalalari bo‘yicha xalqaro munozaralarga qo‘shilish hamda jahon miqyosida o‘z pozitsiyasini namoyish etish uchun ajoyib imkoniyatdir.
“SA Partners” arxitektura va shaharsozlik firmasi asoschisi Tomas Kovari ta’kidlashicha, Boku o‘z tarixiy merosini yaxshi saqlagan. Shu bilan birga tezkor modernizatsiya va innovatsion taraqqiyotni uyg‘unlashtirgan bu shahar WUF13 uchun juda mos. Ayniqsa Qorabog‘ mintaqasida amalga oshirilayotgan qayta qurish loyihalari alohida e’tiborga molik.
Ma’lumotga ko‘ra, mamlakat ushbu sohalarda barqaror rivojlanish, arzon uy-joy va “aqlli shaharlar” tamoyilini qo‘llagan holda mojarodan keyingi tiklash bo‘yicha qimmatli tajriba to‘plamoqda.
– Forum xalqaro hamkorlarning Ozarbayjonga ishonchidan dalolat, – deydi tadbirning Amaliyot kompaniyasi ijrochi direktori Adil Mammadov. – Shu tariqa mamlakatning yirik global uchrashuvlar o‘tkazish uchun mintaqaviy markaz sifatidagi mavqei yanada mustahkamlanadi. Anjuman ijtimoiy uy-joy, yer huquqi, shahar moliyasi, iqlimga chidam, raqamli shahar rivojlanishi va jamoat transporti integratsiyasi kabi masalalarni ham qamrab oladi.
E’tirof etilicha, WUF13 Bokuda hozirgacha o‘tkazilgan forumlar orasida eng yirigi bo‘lishi kutilyapti.
Go‘zal Sattorova, O‘zA