“Turkiy dunyo adabiyoti” turkumidagi yangi kitoblar taqdimoti o‘tkazildi
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida “Amir Temur va temuriylar tamaddunining jahon tarixi va madaniyatidagi o‘rni va ahamiyati” mavzusidagi xalqaro ilmiy konferensiya doirasida “Turkiy dunyo adabiyoti” turkumidagi yangi kitoblar taqdimoti o‘tkazildi.
Turkiy tilli davlatlar kengashi doirasidagi amaliy hamkorlik, do‘stona adabiy aloqalarimiz yildan yilga kengayib boryapti. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, adabiy do‘stlik – abadiy do‘stlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Xalqaro TURKSOY tashkiloti, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamkorligida tashkil etilgan ushbu tadbir ham adabiy aloqalarimizning nechog‘lik rivojlanib borayotganiga misol.
Qozog‘iston Yozuvchilar uyushmasi, “Mereke baspalari” nashriyoti tomonidan “Turkiy dunyo adabiyoti” turkumida qozoq tilida turkiy adabiyotning taniqli namoyandalari Anarning “Qonaq uy bolmesi”, Xayriddin Sultonovning “Baqit jag‘alaui”, Sulton Rayevning “Topan”, Arslon Qoyshiyevning “Tuqimqurt” kitoblari chop etildi. Ushbu kitoblar azaldan tili, dili, madaniyati, urf-odat va an’analari o‘xshash bo‘lgan turkiy xalqlarni yana-da yaqinlashtirishga xizmat qiladi.

Taqdimot tadbirida Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov, Qirg‘iziston Respublikasi davlat kotibi, Qirg‘iziston xalq yozuvchisi Arslon Qoychiyev, Qozog‘iston Yozuvchilar uyushmasi raisi, ushbu xayrli loyiha rahbari Mereke Qulkenov, Xalqaro TURKSOY tashkiloti bosh kotibi, Qirg‘iziston xalq yozuvchisi Sulton Rayev, Ozarbayjon Yozarlar birligi raisi, Ozarbayjon xalq yozuvchisi Anar Rzayev – Anor muallim, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid, Tatariston Yozuvchilar uyushmasi raisi Rkail Zaydullin, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Xayriddin Sulton so‘zga chiqib adabiy aloqalarimizning mustahkamlanib borayotgani haqida to‘xtaldi.

Tadbir davomida bir guruh ijodkorlar O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi va Ozarbayjon Yozarlar birligi a’zoligiga qabul qilindi. Ularga guvohnomani Sirojiddin Sayyid va Anar muallim topshirdi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Shahriyor Shavkat Turon xalqlariga bag‘ishlangan she’rini o‘qib berdi.
N.Usmonova, O‘zA