O‘zbekiston-Germaniya: yoshlar kelajagi uchun xalqaro ta’lim imkoniyatlari kengaymoqda
O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasida ta’lim sohasidagi hamkorlik izchil rivojlanib bormoqda. Bu hamkorlik oliy ta’lim sifatini oshirish, zamonaviy bilim va tajribalar almashinuvini kengaytirish hamda talabalar va o‘qituvchilar uchun keng xalqaro imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi.
Aytish kerakki, har ikki davlat universitetlari o‘rtasida amalga oshirilayotgan qo‘shma dasturlar, akademik almashinuvlar va ilmiy loyihalar ta’lim sohasidagi integratsiyani yanada chuqurlashtirmoqda. Bu jarayonda Saksoniya oliy ta’lim muassasalarining O‘zbekistondagi vakolatxonasi alohida o‘rin tutadi.
Bu haqda vakolatxona rahbari Zlixa Tileuova O‘zA muxbiriga intervyu berdi:
– Avvalo, ikki mamlakat o‘rtasida ta’lim sohasidagi hamkorlik boshqa yo‘nalishlar qatori izchil rivojlanib bormoqda. Bu esa O‘zbekiston yoshlari uchun keng imkoniyatlar eshigini ochadi, ularning kasbiy shakllanishi va jamiyatda munosib o‘rin egallashida muhim ahamiyat kasb etadi.
Darhaqiqat, Saksoniya oliygohlarining O‘zbekistondagi vakolatxonasi ana shunday ezgu maqsadlarni amalga oshirishda faol ishtirok etishni o‘zining asosiy vazifalaridan biri sifatida ko‘radi.
Maqsadimiz O‘zbekiston va Germaniya oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida akademik, ilmiy va madaniy hamkorlikni yanada kengaytirish, talabalar va professor-o‘qituvchilar uchun almashinuv dasturlarini rivojlantirish hamda yoshlarning xalqaro ta’lim muhitiga kengroq integratsiyasini ta’minlashdan iborat.
Shu ma’noda, vakolatxonamiz Germaniyaning Saksoniya federal yeridagi oliy ta’lim muassasalari bilan O‘zbekiston o‘rtasida akademik hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladigan muassasa hisoblanadi. U 2022-yilda tashkil etilgan bo‘lib, Toshkent shahrida joylashgan. Uning asosiy hamkorlari qatoriga Drezden texnik universiteti, Leypsig universiteti, Frayberg davlat texnika universiteti hamda boshqa qator yetakchi oliy ta’lim muassasalari kiradi.
Vakolatxona O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari bilan ilmiy, ta’limiy va madaniy aloqalarni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, Germaniyada tahsil olishni rejalashtirayotgan yoshlarga axborot va maslahat xizmatini ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi.
Bugungi kunda vakolatxona o‘z faoliyati doirasida o‘zbekistonlik talabalarni ushbu universitetlarda tahsil olish imkoniyatlari bilan tanishtirish barobarida, mamlakatimizning turli hududlari hamda qo‘shni davlatlarda tashkil etilayotgan ta’lim ko‘rgazmalarida ham faol ishtirok etib kelmoqda.
Yaqinda Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida “International Education Fair 2026” xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbirda Saksoniya oliygohlarining O‘zbekistondagi vakolatxonasi o‘z ta’lim dasturlarini namoyish etib, talabalarga xorijiy ta’lim va stipendiya imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot berdi.
Ko‘rgazma doirasida mutaxassislarimiz xorijda tahsil olish yo‘llari, talabalar uchun mavjud stipendiya turlari, akademik va madaniy dasturlarda ishtirok etish imkoniyatlari hamda xalqaro universitetlar bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha keng tushuntirish ishlarini olib bordi.
Shuningdek, Ostona shahridagi bir qator maktablarda ham taqdimotlar tashkil etildi. Ularda ishtirokchilar stipendiyalar, xorijda tahsil olish uchun talab etiladigan hujjatlar va malaka talablari bo‘yicha batafsil ma’lumot olish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Yaqin kunlarda mazkur taqdimotlar mamlakatimizning barcha viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham davom ettiriladi.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, bu kabi tadbirlar nafaqat yoshlarni xorijiy ta’lim imkoniyatlari bilan tanishtirish, balki ularning kelajakdagi kasbiy va akademik yo‘nalishlarini aniqlashda ham muhim qadam bo‘lib xizmat qilmoqda.
O‘zA muxbiri Nasiba Ziyodullayeva yozib oldi.