Turkiy davlatlar integratsiyasida transport va raqamli hamkorlik ustuvor ahamiyat kasb etmoqda
Xabar berilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayevning taklifiga binoan 15-may kuni amaliy tashrif bilan ushbu mamlakatga jo‘nab ketdi.
Tashrif doirasida davlatimiz rahbari Turkiston shahrida o‘tadigan Turkiy davlatlar tashkilotining (TDT) “Sun’iy intellekt va raqamli rivojlanish” mavzusidagi norasmiy sammitida ishtirok etadi.
Mazkur xalqaro tadbir arafasida jahon ommaviy axborot vositalarida TDTning faoliyati, uning rivojlanish bosqichlari, amalga oshirilayotgan loyihalar va ilgari surilayotgan tashabbuslar keng yoritilmoqda. Xususan, Pokistonning “Daily Independent” nashrida e’lon qilingan maqolada turkiy davlatlar o‘rtasida transport va tranzit sohasidagi hamkorlik strategik ahamiyat kasb etayotgani alohida ta’kidlangan.
Nashrda qayd etilishicha, Turkiston shahrida bo‘lib o‘tadigan TDT norasmiy sammiti tashkilotning institutsional salohiyatini mustahkamlash, a’zo davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va umumiy maqsadlar yo‘lida sa’y-harakatlarni birlashtirishga xizmat qiladi.

Bugungi kunda TDT doirasida iqtisodiyot, energetika, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt kabi 40 dan ortiq yo‘nalishda hamkorlik amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga, transport sohasi asta-sekin integratsiyaning asosiy harakatlantiruvchi kuchiga aylanib bormoqda. Tashkilotning transport strategiyasi Sharq va G‘arbni, shuningdek, Yevroosiyoning Shimoli va Janubini bog‘lovchi xalqaro koridorlarni rivojlantirish orqali yagona transport makonini shakllantirishga qaratilgan, deyiladi maqolada.
Muallif O‘zbekiston 2019-yilda TDTga a’zo bo‘lganidan so‘ng, transport va logistika sohasidagi hamkorlik mamlakat tashqi iqtisodiy siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylanganini ham yozgan. Global ta’minot zanjirlaridagi o‘zgarishlar, muqobil yo‘nalishlarga bo‘lgan ehtiyojning ortishi va xalqaro transport koridorlari o‘rtasidagi raqobat kuchayishi sharoitida Toshkent yagona transport va tranzit makonini yaratish tashabbuslarini izchil ilgari surib kelayotgani e’tirof etildi.
O‘zbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar TDT rivojida muhim o‘rin tutmoqda. Xususan, 2021-yil Turkiyada bo‘lib o‘tgan sammitda transport va tranzit sohasida tizimli hamkorlik zarurligi ta’kidlandi. 2022-yil Samarqand sammitida esa multimodal yo‘nalishlarni rivojlantirish, shuningdek e-TIR, e-Permit va e-CMR kabi elektron tizimlarni joriy etish taklif etildi.
Shuningdek, maqolada 2023-yil Ostona sammitida O‘zbekiston transport yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish, xususan, Osiyo va Yevropani bog‘lovchi strategik “O‘rta koridor”ni rivojlantirish masalasini yana ilgari surdi, deyiladi. 2025-yilda Vengriyada o‘tkazilgan norasmiy sammitda esa Transkaspiy yo‘nalishi bo‘ylab “yagona darcha” va “yashil koridor” tizimlarini joriy etish qo‘llab-quvvatlandi.
Umuman olganda, transport sohasidagi o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish TDT makonida mintaqaviy integratsiya va barqaror iqtisodiy o‘sishning muhim omili sifatida qaralmoqda.
O‘zA muxbiri Behruz Xudoyberdiyev tayyorladi