“Turizm va mehmonxona xizmati” to‘garagi kelajak kadrlarini tayyorlashda muhim qadam
Navoiy shahridagi 22-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida tashkil etilgan “Turizm va mehmonxona xizmati” to‘garagi bugungi kunda o‘quvchilarning kasbiy yo‘nalishini shakllantirish, ularning amaliy bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirishda muhim o‘rin tutmoqda.
Maktabda joriy etilgan dual ta’lim tizimi orqali o‘quvchilar nafaqat nazariy bilimlarni egallamoqda, balki real ish muhitida amaliy tajriba ham orttirmoqda. Ushbu yondashuv ta’lim sifatini oshirish bilan birga, yoshlarni kelajak kasbiga aniq yo‘naltirishga xizmat qilmoqda.
– Dual ta’lim doirasida o‘quvchilar gidlik faoliyati, turizm xizmatlari, mehmonxona ishi hamda sayyohlikni tashkil etish yo‘nalishlarida bilim olmoqda, – deydi maktab direktori Feruza Fayziyeva. – Amaliy mashg‘ulotlar esa ularning kasbiy tayyorgarligini mustahkamlab, mustaqil fikrlash va mijozlar bilan samarali muloqot qilish ko‘nikmalarini rivojlantirmoqda.

To‘garak a’zolari uchun tashkil etilayotgan amaliy safarlar alohida ahamiyat kasb etmoqda. Ular Sarmishsoy darasi va Nurotadagi “Chashma” majmuasida bo‘lib, gidlik mahoratini amalda sinab ko‘rmoqda.
Shuningdek, ular Nurota mehmonxonasi faoliyati bilan yaqindan tanishib, mehmonlarni kutib olish, joylashtirish va xizmat ko‘rsatish jarayonlarini bevosita kuzatdi.

To‘garak rahbari Hilola Xudoyberdiyeva boshchiligida olib borilayotgan bunday amaliy mashg‘ulotlar o‘quvchilarning turizm sohasiga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirib, ularning kelajakda malakali mutaxassis bo‘lib yetishishiga mustahkam zamin yaratmoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri