JIDU talabalari Islom sivilizatsiyasi markazida: tarix, ma’rifat va diplomatiya uyg‘unligi
Yaqinda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabalari hamda professor-o‘qituvchilari poytaxtimizda joylashgan Islom sivilizatsiyasi markaziga ma’rifiy tashrif uyushtirdi. Ishtirokchilar mamlakatning boy ilmiy-ma’naviy merosi, islom sivilizatsiyasining jahon taraqqiyotidagi o‘rni va ajdodlarimizning ilm-fan rivojiga qo‘shgan hissasi bilan yaqindan tanishdi.

Ayniqsa, Markaz ekspozitsiyasida namoyish etilgan noyob qo‘lyozmalar, tarixiy manbalar va zamonaviy interaktiv ko‘rgazmalar talabalarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Ekskursiya davomida mutaxassislar tomonidan islom sivilizatsiyasining tarixiy taraqqiyoti, uning global madaniyat va ma’naviy qadriyatlar rivojidagi ahamiyati haqida batafsil ma’lumot berildi.

E’tiborlisi, ma’rifiy tashrif yoshlarning dunyoqarashini kengaytirish, tarixiy merosga hurmat tuyg‘usini mustahkamlash hamda xalqaro munosabatlar va madaniyatlararo muloqot sohalaridagi bilimlarini boyitishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Bu kabi tashabbuslar yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, ularni keng fikrlaydigan, yuksak ma’naviyatli va zamonaviy mutaxassislar sifatida shakllantirishga xizmat qilmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA