Tumanlarda “Salomatlik marafoni”
Namangan viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi tashabbusi bilan tumanlarda aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, turli kasalliklarning oldini olish, ularni barvaqt aniqlash va davolashga qaratilgan “Salomatlik marafoni” oyligi davom etmoqda.
Mingbuloq tumanida start olgan va 30-sentyabrga qadar davom etishi rejalashtirilgan marafon “Sog‘lom hayot uchun 5000 qadam” aksiyasi bilan boshlandi. Unda tuman tibbiyot birlashmasi tizimida faoliyat yuritayotgan yuzlab shifokor va hamshiralar ishtirok etdi.

Tadbirlar doirasida viloyat markazidan olis tumanga kelgan onkolog, okulist, travmatolog singari yetti yo‘nalishdagi tor mutaxassislar aholini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazmoqda. Bu, ayniqsa, murakkab kasalliklarni erta aniqlash, zarur bemorlarni keyingi bosqichda davolanishga yo‘naltirish imkonini kengaytirmoqda.
E’tiborlisi, chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘riklar nafaqat ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika, balki Serharakat, Qolgandaryo, Paxtakor va Farovon mahallalarida joylashgan oilaviy poliklinikalarda ham uyushtirildi. Bu eng avvalo, aholi uchun katta qulaylik yaratdi. Endi inson salomatligini tekshirtirish uchun uzoq masofa bosib o‘tishi shart emas, zarur tibbiy xizmatlar mahallaning o‘ziga yaqinlashtirilmoqda.

– Aholi salomatligini mustahkamlash yo‘lidagi bunday xayrli ishlar viloyatimizning chekka hududlariga ham yetib borayotganidan behad xursandmiz, – deydi Guliston mahallasida istiqomat qiluvchi Ulfatoy Mahramova. – Namangan shahridan malakali shifokorlar kelganidan unumli foydalanib, butun oila a’zolarimiz bilan birga tibbiy ko‘rikdan o‘tishga muyassar bo‘ldik.
Tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Obidjon Qo‘ldoshevning aytishicha, marafonning ilk kunidayoq 720 nafar mingbuloqlik fuqaro tibbiy ko‘rikda qatnashdi. Ulardan 36 nafari mamografiya, 112 nafari EKG tekshiruvidan o‘tkazildi. Zarurat tug‘ilganda bemorlarga statsionar davolanish uchun yo‘llanmalar berildi.

Mingbuloq tumanining aholi gavjum hududlarida tashkil etilgan “salomatlik nuqtalari” ham marafonning muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘ldi. Ko‘riklar davomida sog‘lig‘ida o‘zgarishlar aniqlangan fuqarolar qo‘shimcha tibbiy tekshiruvlarga yo‘naltirilmoqda. Bundan muddao – kasallikni kech aniqlab, murakkab davolashdan ko‘ra, uni ilk bosqichida aniqlash va o‘z vaqtida chora ko‘rishdir.

E’tiborlisi, tibbiy-profilaktik tadbirlar nafaqat tibbiyot muassasalari bilan cheklanib qolmay, maktablar va bog‘chalarda ham sog‘lom turmush tarzi, kasalliklarning oldini olish va salomatlikni asrashga qaratilgan profilaktik suhbatlar o‘tkazilmoqda.

“Salomatlik marafoni” doirasida piyoda yurish, tibbiy ko‘rik, erta diagnostika, profilaktika, mutaxassislar maslahati va aholi bilan tushuntirish ishlari kabi jarayonlar izchil davom etmoqda.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.