8-sentyabrgacha 114 ta davlat muzeyiga kirish bepul
Muzeylar — o‘tmish bilan kelajakni bog‘lovchi bebaho xazinadir. Ularda nafaqat tarixiy eksponatlar va qadimiy ashyolarni tomosha qilish, balki insoniyat sivilizatsiyasi, madaniyati hamda san’atining rivojlanish yo‘lini teran his etish mumkin.
Xususan, qadimiy osori-atiqalar, ming yillar avval yashagan insonlarning mehnat qurollari, uy-ro‘zg‘or buyumlari va sopol idishlari, noyob qo‘lyozmalar, qadimiy kitoblar, xatlar, tangalar va tarixiy hujjatlar, san’at durdonalari, mashhur rassomlarning rangtasvir asarlari, haykallar va milliy hunarmandchilik namunalari hamda jangovar qurol-aslahalar, qadimgi davrlarda ishlatilgan sovutlar, qilichlar, kamonlar va boshqa harbiy anjomlarni aynan muzeylarda ko‘rish mumkin.
Tarix, san’at va estetika ixlosmandlari uchun ajoyib yangilik e’lon qilindi. Jumladan, 8-sentyabrgacha “Muzeylar haftaligi” doirasida mamlakatimiz bo‘ylab 114 ta davlat muzeyiga kirish bepul.
Bu oila yoki do‘stlar davrasida bir kunni tarix, san’at va yangi taassurotlarga bag‘ishlash uchun ajoyib imkoniyatdir.
G.Boboyeva, O‘zA