Travmatologiya va ortopediyada ilg‘or texnologiyalar
Yurtimizda ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy markazlar, hududiy filiallar faoliyati tubdan yangilanib, zamonaviy yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari, jumladan, bo‘g‘imlarni endoprotezlash, artroskopiya va umurtqa pog‘onasi murakkab operatsiyalari muvaffaqiyatli joriy etilmoqda. Bugungi kunda soha olimlari va amaliyotchi shifokorlarining xalqaro hamkorlikni kuchaytirishi, ilg‘or xorijiy tajribalarni mahalliy tibbiyotga tatbiq etayotgani bemorlarga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar ko‘lamini kengaytirib, ularning salomatligini tiklashda muhim poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda.
Xususan, poytaxtimizda o‘tkazilgan «Travmatologiya va ortopediyada zamonaviy texnologiyalarni qo‘llashning ilmiy asoslari va amaliy natijalari» nomli xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya ham 200 nafar mahalliy soha mutaxassisi hamda dunyoning ko‘plab xorijiy davlatlaridan 150 dan ziyod delegatlarni jamladi. Yalpi majlis va sho‘’ba yig‘ilishlarida 170 dan ortiq ilmiy ma’ruzalar tinglanib, ishtirokchilarning o‘zaro fikr almashish hamda tajriba orttirishi uchun keng imkoniyat yaratdi.

Bugungi kunda jahon miqyosida tayanch-harakat tizimi kasalliklari, turli shikastlanishlar hamda travmatologik asoratlar tibbiy-ijtimoiy va iqtisodiy ahamiyatga molik global muammolardan biri bo‘lib qolmoqda. Jadal urbanizatsiya jarayonlari, transport vositalarining ko‘payishi oqibatida yuzaga kelayotgan yo‘l-transport hodisalari, ishlab chiqarish jarohatlari, shuningdek, aholi o‘rtasida kamharakatli turmush tarzining ommalashuvi ortiqcha vazn muammolarini keltirib chiqarib, bo‘g‘imlarga tushadigan yuqori bosimni oshirmoqda. Bundan tashqari, aholining o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi oshishi hisobiga keksa yoshdagi insonlarda uchraydigan degenerativ-distrofik o‘zgarishlar, jumladan, osteoartroz va osteoporoz kabi xastaliklarning salmog‘i ham yildan-yilga kengaymoqda. Bunday murakkab patologiyalar mutaxassislardan tashxislash va davolashning yangi, kam invaziv, yuqori texnologiyali usullarini qo‘llashni talab qilmoqda.
So‘nggi yillarda soha jadal raqamlashuv, yuqori aniqlikdagi navigatsiya tizimlari, 3D modellashtirish, shuningdek, biokompozitsion materiallar va mukammal endoprotezlash usullari hisobiga keskin o‘zgarib bormoqda. Bunday ilg‘or yondashuvlar bemorlarning shikastlangan bo‘g‘imlari va suyaklarini qisqa muddatda tiklash, nogironlik ko‘rsatkichlarini kamaytirish hamda ularning to‘laqonli hayotga qaytishida hal qiluvchi omil bo‘layotir. Anjuman doirasida yetakchi xorijiy va mahalliy mutaxassislar hamkorligida umurtqa pog‘onasi, qo‘l-oyoq, chanoq va yirik bo‘g‘imlarga oid yuqori texnologik xirurgik amaliyotlarning o‘tkazilishi nazariy bilimlarni amaliyotda sinab ko‘rish hamda mahalliy shifokorlar mahoratini oshirishda maktab vazifasini o‘taydi.

Qayd etilganidek, mavjud muammolarni bartaraf etish va kasalliklarning oldini olishda profilaktika hamda sog‘lom turmush tarziga amal qilish hal qiluvchi ahamiyatga ega. Har qanday xastalikni davolagandan ko‘ra, uning oldini olish samaraliroq bo‘lib, fuqarolarga kundalik hayotda jismoniy faollikni oshirish, ovqatlanish ratsioniga e’tibor qaratish, ortiqcha vazndan saqlanish tavsiya etiladi.
Shu bilan birga, biror jarohat yoki og‘riq kuzatilganda o‘z vaqtida malakali shifokorga murojaat qilish, o‘zboshimchalik bilan davolanish salbiy asoratlarga olib kelishi mumkinligi uqtiriladi. Davlat tomonidan ko‘rilayotgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar, xalqaro hamkorlik va ilmiy yutuqlar hamda aholining o‘z sog‘ligiga nisbatan mas’uliyatli yondashuvi sohadagi samaradorlikni yanada oshirib, xalqimiz salomatligini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Mohigul Qosimova,
O‘zA