Transport sohasida jinoyatchilikka qarshi kurash samaradorligi tahlil qilindi
Mamlakatimiz transport tizimida jamoat xavfsizligini ta’minlash, yo‘lovchilar va yuk tashish jarayonlari barqarorligi hamda qonuniyligini kafolatlash huquqni muhofaza qiluvchi organlar oldidagi ustuvor vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Transport prokuraturasida huquqni muhofaza qiluvchi organlar Muvofiqlashtiruvchi Kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Transport prokuraturasi, IIV Transport va turizm ob’ektlarida xavfsizlikni ta’minlash departamenti, “Toshkent-Aero” IBK, Toshkent shahar va viloyat bojxona boshqarmasi rahbarlari hamda mas’ul xodimlar ishtirok etdi.
Yig‘ilishda o‘tgan yili hamda joriy yilning dastlabki 3 oyi davomida transport sohasida jinoyatchilikka qarshi kurashish, surishtiruv va dastlabki tergov jarayonlarining samaradorligi tahlil qilindi, deyiladi Davlat bojxona qo‘mitasi ma’lumotida.
Shuningdek, jinoyat haqidagi ariza va xabarlarni o‘z vaqtida ro‘yxatdan o‘tkazish, qonuniy tartibda ko‘rib chiqish, hal etish, jinoyat ishlarini to‘xtatish, fosh etilmagan jinoyatlar yuzasidan tezkor-qidiruv tadbirlarini amalga oshirishda qonun talablariga rioya etilishi masalalari muhokama qilindi.
Tanqidiy-tahliliy ruhda o‘tgan yig‘ilishda sohada yo‘l qo‘yilgan ayrim xato va kamchiliklar ko‘rsatib o‘tildi. Mas’ullarga qonunbuzilishlarning oldini olish, profilaktik tadbirlarni kuchaytirish, idoralararo hamkorlikni yanada mustahkamlash, fuqarolar murojaatlari bilan ishlash sifatini oshirish hamda transport infratuzilmasida xavfsizlikni ta’minlash borasida aniq vazifa va topshiriqlar berildi.
Yig‘ilish yakunida sohada qonuniylik va intizomni yanada mustahkamlashga qaratilgan chora-tadbirlar belgilab olindi.
A.RUSTAMOV, O‘zA