Tramp Yevropani sadoqatsizlikda aybladi (+video)
AQSH prezidenti Donald Tramp NATO bo‘yicha Yevropa ittifoqchilarini yana qattiq tanqid qildi. Uning aytishicha, yevropaliklar AQSHni qo‘llab-quvvatlashda yetarlicha sadoqat ko‘rsatmayapti. Bu haqda Euronews nashri xabar berdi
Tramp Vashingtonda NATO bosh kotibi Mark Ryutte bilan uchrashdi. Bu uchrashuv iyul oyida bo‘ladigan NATO sammiti arafasida bo‘lib o‘tdi.
Trampning ta’kidlashicha, Yevropa davlatlari uni Eronga qarshi siyosatda yetarlicha qo‘llab-quvvatlamagan.
«Bizga ularning puli ham kerak emas, hech narsasi kerak emas. Bizda dunyodagi eng kuchli armiya bor. Lekin men sadoqatni xohlayman. Biz ularga doim sodiqmiz, ular uchun har doim kurashamiz. Yevropada minglab askarlarimiz bor, faqat Germaniyaning o‘zida 50 ming nafar harbiylarimiz bor. Bizga kichik bir ishora kerak, bizga e’tibor ko‘rsatishsin, sadoqat kerak xolos. Biz ko‘p narsa so‘rayotganimiz yo‘q»- dedi Tramp.
Mark Ryutte yevropalik ittifoqchilarni oqlashga harakat qildi va ular Trampga bilvosita yordam berganini aytdi.
«Men Yevropa ittifoqchilari AQSHni yetarlicha qo‘llab-quvvatlamadi, degan bahslarni bilaman. Ammo raqamlarga e’tibor bersak, boshqacha vaziyatni ko‘ramiz. O‘tgan safar Eron bilan mojaro davom etgan olti hafta davomida Yevropa bazalaridan 4–5 mingta AQSH samolyotlari uchgan» -degan NATO Bosh kotibi
Lekin, Mark Ryuttening bu bayonoti turli davlatlarda tanqidlarga sabab bo‘ldi. Masalan, Tehron bu so‘zlarni Eronga qarshi urushda ishtirok etishni rasman tan olish deb baholadi. Italiya esa Ryuttening gaplarini chalg‘ituvchi deb atadi va Rim faqat texnik va logistik parvozlarga ruxsat berganini ma’lum qildi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/qS6TFyCC2aA" title="Tramp Yevropani sadoqatsizlikda aybladi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA