Toshloqda yong‘in bartaraf etildi
Farg‘ona viloyati Toshloq tumanidagi "Expo coller print text" MCHJga qarashli paxta qabul qilish punktida sodir bo‘lgan yong‘in haqidagi xabar ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi.
Favqulodda vaziyatlar bo‘limi ma’lumotiga ko‘ra, hodisa paxta tashuvchi traktorning 380 voltli elektr shitiga urilishi va buning natijasida qisqa tutashuv yuzaga kelishi oqibatida sodir bo‘lgan. Yong‘in soat 14:47 da boshlangan. Favqulodda vaziyatlar bo‘limi xodimlari hodisa joyiga tezkorlik bilan yetib borib, soat 15:09 da yong‘inni to‘liq bartaraf etgan.
Hodisa oqibatida to‘plangan paxtaning faqat ustki qismi zararlangan. Paxtaning asosiy qismi yong‘indan zarar ko‘rmagan.
Favqulodda vaziyatlar bo‘limi ma’lumotiga ko‘ra, hodisa oqibatida fuqarolar jabrlanmagan, tan jarohati olganlar qayd etilmagan. Bu xabarni Toshloq tumani hokimligi axborot xizmati ham tasdiqladi.
Muhammadjon Obidov, O‘zA