Poytaxtda yashil hududlarni parvarishlash bo‘yicha kompleks ishlar olib borilmoqda
Toshkent shahar hokimligi ma’lumotiga ko‘ra, shahar bo‘ylab daraxt va o‘simliklarni ko‘zdan kechirish hamda sog‘lomlashtirish ishlari jadallashtirildi. Ekologlar, dendrologiklar va boshqa soha mutaxassislari ishtirokida kasallangan, qurigan hamda biologik umrini o‘tab bo‘lgan daraxtlar, shikastlangan shox-shabbalar, shuningdek, quruq, singan va osilib qolgan shoxlar aniqlanmoqda.
O‘rganish natijalariga ko‘ra, mutaxassislar zarur chora-tadbirlarni belgilab olmoqda. Quruq va shikastlangan shoxlar ehtiyotkorlik bilan butlamoqda. Qurib qolgan daraxtlar bo‘yicha esa dalolatnomalar tuzilib, tegishli ruxsatnoma olish uchun hujjatlar shahar ekologiya boshqarmasiga yuborilmoqda.
Qayd etilganidek, barcha ishlar aholi xavfsizligi hamda sog‘lom daraxtlarni saqlab qolish zaruratini inobatga olgan holda, bosqichma-bosqich va belgilangan tartibda amalga oshirilmoqda. Ayni paytda Chilonzor tumanidagi Bunyodkor shohko‘chasi, Yakkasaroy tumanidagi Nukus ko‘chasi, Kichik halqa avtomobil yo‘li, Yunusobod tumanidagi Ahmad Donish ko‘chasi, shuningdek, shaharning boshqa katta va kichik ko‘chalarida amaliy ishlar qizg‘in davom etmoqda.

Shu bilan birga, Yashnobod tumanidagi “Elbek” bog‘ida mavjud daraxtlar ham ko‘zdan kechirilmoqda. Bog‘ning maydoni 11 gektar bo‘lib, u yerda 5 mingga yaqin daraxt va butalar o‘sadi. Shu bilan bir qatorda, hudud chiqindilardan tozalanib, yo‘laklar tartibga keltirilmoqda, sug‘orish tizimi ta’mirlanib, yangi tarmoqlar tortilmoqda. Ayni vaqtda poytaxtda sug‘orish tizimlari yangilanib, eskilari almashtirilmoqda, nasos stansiyalari ta’mirlanib, yangi sug‘orish tarmoqlari barpo etilmoqda, ariqlar va drenaj tizimlari tartibga keltirilmoqda. Shuningdek, hozirda daraxt ekish mavsumi ham boshlanmoqda.
Gulnoza Boboyeva,O‘zA