Toshkentda Turkiya to‘qimachilik ko‘rgazmasi(+video)
Toshkentdagi "Hyatt Regency" mehmonxonasi O‘zbekiston-Turkiya hamkorligining yangi bosqichiga guvoh bo‘ldi. 20 dan ortiq Turkiya kompaniyasi mahsulotlari taqdimotlari va muhim kelishuvlar kutilmoqda.
3-4-sentabr kunlari Toshkent shahri markazida joylashgan besh yulduzli “Hyatt Regency Tashkent” mehmonxonasi ko‘rgazmalar zali navbatdagi biznes muloqotlar uchun keng maydon vazifasini o‘tadi.
- Bunday ko‘rgazmalarda ikkinchi bor ishtirok etyapman. Bu O‘zbekiston-Turkiya hamkorligining bardavomligini ifodalaydi va yangi loyihalarimizga yo‘l ochib beradi, - deydi tadbir tashkilotchisi, Turkiya tadbirkorlari guruhi rahbari Eshref Geyk. - Tashkilotimiz bu ko‘rgazmadan talab va taklifni o‘rganishni maqsad qilgan. Buning uchun kuzgi-qishki yangi to‘plamlarni olib keldik. Narx jihatidan ham, sifati jihatidan ham bu mahsulotlarimiz O‘zbekiston bozorida o‘z xaridoriga ega bo‘ladi, degan umiddaman. Bugungi ko‘rgazmada asosan bolalar va o‘smirlar uchun mahsulot ishlab chiqaradigan Turkiya to‘qimachilik korxonalarining 20 dan ortiq vaqillari ishtirok etyapti. Ushbu tadbirga O‘zbekiston tomoni katta yordam ko‘rsatildi va biz bundan mamnunmiz.
Aytish kerakki, Turkiyaning brend mahsulotlariga yurtdoshlarimizda talab va qiziqish doimo yuqori bo‘lgan. Turkiyalik tadbirkorlar ham Markaziy Osiyo bozorlariga o‘z mahsulotlarini keng turda va katta hajmda eksport qilishga intilishadi. Mazkur ko‘rgazma dunyoga mashhur korxonalarning 2 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan bolajonlar uchun ishlab chiqargan mavsumiy kiyimlar taqdimotlari bilan boshlandi.
Ko‘rgazma davomida shuningdek mahalliy tadbirkorlar bilan B2B uchrashuvlar o‘tkazish, shourumlar tashkil qilish, o‘zaro manfaatli shartnomalar tuzish rejalashtirilgan. Ishbilarmonlik uchrashuvlarining maksimal qulayligi uchun maxsus muzokaralar maydonchasi tashkil etilgan bo‘lib, bu yerda xaridorlar ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorlikni bevosita muhokama qilishlari mumkin bo‘ladi.
Toshkentda o‘tkazilgan mazkur ko‘rgazma O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi hamkorlikning davomliligini, xususan, to‘qimachilik sanoatida, mustahkamlayotganini namoyish etdi. Ushbu tadbir Turkiyaning bolalar va o‘smirlar kiyimlari ishlab chiqaruvchi yigirmadan ortiq korxonasi uchun O‘zbekiston bozoridagi talab va taklifni o‘rganish, shuningdek, mahalliy tadbirkorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri biznes aloqalarini o‘rnatish hamda o‘zaro manfaatli shartnomalar tuzish uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qildi. Bu esa turk mahsulotlarining Markaziy Osiyo bozorlaridagi mavqeini kengaytirishga va ikki tomonlama savdo aloqalarini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
Sanjar Toshpo‘latov,Nishonboy Abduvoyitov,Iskandar Ismatov, O‘zA