Biznes vakillari uchun muhim yangilik
Davlatimiz rahbarining joriy yil 27-avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan VI ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra, biznes vakillari uchun qator yangi moliyaviy va tashkiliy mexanizmlar belgilandi.
Jumladan, 2026-yil 1-noyabrdan boshlab zamonaviy hisoblagichlarga (ASKUE va ASKUG) ega biznes vakillari uchun energiya resurslari iste’moli bo‘yicha oldindan to‘lov miqdori 15 foiz etib belgilanmoqda. Xususan, elektr va gaz uchun oldindan to‘lov 15 foizga tushiriladi.
Bu esa tadbirkorlarimizning aylanma mablag‘larini tejash va faoliyatini erkin yuritishiga xizmat qiladi. Shuningdek, yozma hisobotlarni topshirish majburiyati bekor qilinib, shartnomalar to‘liq elektron shaklga o‘tkaziladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Biznes-ombudsman devoni mas’ul xodimi Zufar Razzoqovning ma’lum qilishicha, ilgari tadbirkorlar har oyda elektr va gaz to‘lovi uchun oldindan katta miqdorda pul o‘tkazib qo‘yishga majbur edi. Bu esa korxonaning erkin pul aylanmasini muzlatib qo‘yardi. Yangi tartibga ko‘ra, masofadan o‘chirish va yoqish imkoniyatiga ega bo‘lgan, zamonaviy elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimiga ulangan tadbirkorlar uchun oldindan to‘lov miqdori bor yo‘g‘i 15 foiz etib belgilandi. Ushbu imtiyoz oxirgi 2 oy davomida to‘lov intizomini buzmagan halol tadbirkorlarga beriladi. Cheklovlar va ortiqcha qog‘ozbozlikka ham chek qo‘yildi.
Endilikda har oy elektr va gaz sarfi bo‘yicha hududiy korxonalarga borib yozma hisobot topshirish majburiyati butunlay bekor qilindi. Bu imkoniyatlar tadbirkorlarning o‘z mablag‘larini ortiqcha ushlab turmasdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlab chiqarishni kengaytirish, xomashyo xarid qilish, ishchilar maoshini o‘z vaqtida berish hamda eksport hajmini oshirishga yo‘naltirish imkonini beradi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA