Toshkentda global biznes xizmatlari forumi o‘tmoqda
Joriy yilning 24–25-iyul kunlari Toshkent shahrida Markaziy Osiyodagi global biznes xizmatlari, raqamli iqtisodiyot va sun’iy intellektni rivojlantirishga bag‘ishlangan eng yirik xalqaro platforma – “Global Business Services Forum (GBSF) - 2026” bo‘lib o‘tmoqda.
Forumda 45 dan ortiq mamlakatdan 450 nafardan ziyod xalqaro kompaniyalar rahbarlari, investorlar, davlat organlari vakillari hamda soha mutaxassislari ishtirok etmoqda.

Forumning ochilish marosimida raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov ishtirok etib, O‘zbekistonda so‘nggi yillarda amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida axborot texnologiyalari sohasini rivojlantirish uchun zamonaviy va raqobatbardosh ekotizim shakllanganini ta’kidladi.
— Bugungi kunda biz xalqaro kompaniyalarga nafaqat biznes yuritish uchun qulay sharoitlar, balki yuqori malakali kadrlar, zamonaviy raqamli infratuzilma va jadal rivojlanayotgan mintaqaviy bozorga kirish imkoniyatini ham taklif etmoqdamiz. Agar siz O‘zbekistonda IT kompaniya ochsangiz, hukumat tomonidan ham, IT Park tomonidan ham to‘liq qo‘llab-quvvatlanasiz. Siz soliq to‘lamaysiz, xodimlaringiz ham imtiyozli, ya’ni kamroq soliq to‘laydi. Bu imtiyozlar 2040-yilgacha amal qiladi.
Shuningdek, biz ayni shu yo‘nalishda Enterprise Uzbekistan tashabbusini ham yo‘lga qo‘ymoqdamiz. U sizning biznesingizni O‘zbekistonda yanada rivojlantirish uchun eng qulay huquqiy sharoitlarni taqdim etadi, — dedi Sh.Shermatov.

Vazir O‘zbekistonning eng katta ustunligi uning yosh va iste’dodli inson kapitali ekanini ta’kidladi. Shuningdek, mazkur islohotlarning xalqaro miqyosdagi e’tirofi ham tobora ortib borayotganini, xususan, O‘zbekiston «Country of the Year 2026» — startap ekotizimi eng jadal rivojlangan davlat sifatida e’tirof etilganini qayd etdi.
Shuningdek, forum global biznes xizmatlari sohasidagi zamonaviy tendensiyalar muhokamasi bilan davom etdi. Sessiyalar davomida servis operatsiyalarini kengaytirish, kadrlar salohiyatini rivojlantirish, biznes jarayonlarini transformatsiya qilish hamda sun’iy intellektni global xizmat ko‘rsatish markazlariga joriy etish masalalari ko‘rib chiqildi.
Shu bilan birga, O‘zbekistonda global biznes xizmatlari ekotizimini rivojlantirish va xalqaro hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan qator memorandumlar imzolandi. Jumladan, IT Park Uzbekistan va Sonect (Teleperformance) o‘rtasida IT-autsorsing hamda BPO yo‘nalishlarida hamkorlikni rivojlantirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va tajriba almashish bo‘yicha memorandum imzolandi.
Nigora Rahmonova, O‘zA