Kasbiy ta’limda “Samarqand effekti”: ko‘p yillik tajriba va natijalar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun o‘tkazilgan “Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari” milliy kasbiy mahorat tanlovida Samarqand viloyati vakillari 24 ta sovrinli o‘rinni egalladi.
Ba’zan bir yillik natija ortida o‘nlab yillik mehnat, minglab insonlarning sa’y-harakati va butun bir hududning hamjihatligi mujassam bo‘ladi. 2026-yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun o‘tkazilgan “Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari” milliy kasbiy mahorat tanlovida Samarqand viloyatining Respublika miqyosida qayd etgan yuqori natijalari ana shunday izchil mehnat va tizimli islohotlarning amaliy samarasi bo‘ldi.
Respublika bosqichida Samarqand viloyati ishtirokchilari 24 ta sovrinli o‘rinni, jumladan, 5 ta birinchi, 13 ta ikkinchi va 6 ta uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Bu raqamlar oddiy statistika emas. Ularning zamirida yillar davomida shakllangan sifatli ta’lim, samarali boshqaruv, ishlab chiqarish bilan mustahkam hamkorlik va jamoaviy mas’uliyat mujassam.
Samarqand viloyatida kasbiy ta’lim tizimini takomillashtirish ishlari bir kunda shakllangan emas. O‘tgan o‘n yildan ziyod vaqt mobaynida Germaniya, Janubiy Koreya, Xitoy, Rossiya, Belarus va Qozog‘iston kabi davlatlarning ilg‘or tajribalari o‘rganilib, ular mahalliy sharoit va mehnat bozori ehtiyojlariga mos holda bosqichma-bosqich joriy etildi.
Ayniqsa, WorldSkills standartlari asosida amaliy ko‘nikmalarni baholash, ish beruvchilar ishtirokida demonstratsion imtihonlarni tashkil etish, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirish bo‘yicha Samarqandda boshlangan tashabbuslar bugun o‘zining amaliy natijasini bermoqda.
Samarqand effekti nimada?
Samarqand viloyatining bugungi muvaffaqiyati tasodif emas. Uni shartli ravishda “Samarqand effekti” deb atash mumkin.
Bu alohida bir muassasa yoki bir necha mutaxassisning emas, balki butun viloyatda shakllangan hamjihatlik, o‘zaro ishonch va tizimli hamkorlik madaniyatining mahsulidir.
Kasbiy ta’limni rivojlantirishda nafaqat ta’lim muassasalari, balki viloyat hokimligi, iqtisodiy tarmoqlar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, sanoat va qurilish tashkilotlari, qishloq xo‘jaligi hamda ijtimoiy sohalar, tadbirkorlar va ish beruvchilarning hamkorligi muhim o‘rin tutdi.

Xususan, viloyat hokimi rahbarligidagi Tadbirkorlar kengashi faoliyati natijasida ta’lim muassasalari va ish beruvchilar o‘rtasida mustahkam hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Bu esa dual ta’limni kengaytirish, ishlab chiqarish amaliyoti sifatini oshirish va bitiruvchilarning mehnat bozoriga raqobatbardosh holda kirib kelishida muhim omil bo‘ldi.
Xalqaro tajriba – taraqqiyot omili
Samarqand viloyati pedagoglari va ishlab chiqarish ta’limi ustalarining xorijiy mamlakatlarda malaka oshirishi, xalqaro ekspertlar ishtirokida seminar va mahorat darslarining muntazam tashkil etilishi ta’lim mazmuni va sifatini yangi bosqichga olib chiqdi.

Eng muhimi, ilg‘or xorijiy tajriba tayyor andoza sifatida emas, balki mahalliy sharoit, milliy ta’lim tizimi va ish beruvchilar ehtiyojlarini hisobga olgan holda tatbiq etildi. Shu bois bugun Samarqand tajribasi mamlakatning boshqa hududlari uchun ham amaliy namunaga aylanib bormoqda.
Yutuqlar bilan birga mas’uliyat ham ortadi
Har qanday tanlov nafaqat erishilgan yutuqlarni, balki yanada rivojlantirish talab etiladigan yo‘nalishlarni ham ko‘rsatadi.
Bu yilgi natijalar tahlili ayrim kompetensiyalar bo‘yicha tayyorgarlik darajasini oshirish, moddiy-texnik bazani yanada mustahkamlash, murabbiylar salohiyatini yuksaltirish hamda xalqaro standartlarga mos o‘quv dasturlarini takomillashtirish zarurligini ko‘rsatdi.
Bu holatni kamchilik sifatida emas, balki keyingi taraqqiyot uchun yangi imkoniyat deb qabul qilamiz. Har bir kompetensiya kesimida chuqur tahlillar o‘tkazilib, aniq chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilmoqda. Bu esa kelgusi yillarda yanada yuqori natijalarga erishish uchun mustahkam zamin yaratadi.
Samarqandning eng katta yutug‘i – hamjihatlik
Erishilgan natijalarning eng muhim jihati shundaki, bu yutuq bir necha g‘olibning emas, butun tizimning muvaffaqiyatidir.
Unda texnikum direktorlarining ham, pedagog va ishlab chiqarish ta’limi ustalarining ham, korxona rahbarlari va tadbirkorlarning ham, ota-onalarning ham, eng muhimi, bilim olishga intilgan yoshlarimizning munosib hissasi bor.
Ana shu hamjihatlik, o‘zaro ishonch va yagona maqsad sari intilishni biz “Samarqand effekti” deb ataymiz.
Prezidentimiz ta’kidlaganidek, mamlakat taraqqiyotining asosiy omili – bilimli, malakali va zamonaviy fikrlaydigan inson kapitalidir.
Samarqand viloyatida kasbiy ta’lim sohasida erishilgan bugungi natijalar ana shu ezgu maqsad yo‘lida olib borilayotgan tizimli islohotlar va keng qamrovli hamkorlikning amaliy ifodasidir.
Shu bilan birga, biz erishilgan yutuqlar bilan cheklanib qolmaymiz. Tanlov davomida aniqlangan kamchiliklar va zaif yo‘nalishlar bo‘yicha aniq rejalar ishlab chiqilib, har bir kompetensiyani yanada rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar izchil amalga oshiriladi. Chunki raqobat muhiti doimiy yangilanish va uzluksiz takomillashishni talab etadi.
Eng muhimi, bugungi muvaffaqiyat biror tashkilot yoki alohida jamoaning emas, balki butun Samarqandning umumiy yutug‘idir.

Fursatdan foydalanib, kasbiy ta’lim tizimini rivojlantirishga doimiy ko‘mak ko‘rsatayotgan Samarqand viloyati hokimligiga, davlat va jamoat tashkilotlariga, ish beruvchilarga, tadbirkorlarga, xorijiy hamkorlarga, texnikumlar jamoalariga, fidoyi pedagoglarga va iqtidorli yoshlarimizga samimiy minnatdorchilik bildiramiz.
Ishonchimiz komilki, bugungi hamjihatlik, o‘zaro ishonch va mas’uliyatli hamkorlik kelgusida ham Samarqand viloyatining nafaqat kasbiy ta’lim sohasida, balki ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotida yangi yutuqlarga erishishiga mustahkam asos bo‘lib xizmat qiladi.
Azizbek Nasimov,
Samarqand viloyati kasbiy ta’lim boshqarmasi boshlig‘i.
O‘zA