Toshkentda CASA birinchi chempionati o‘tkazildi
Markaziy va Janubiy Osiyo regbi alyansi — CASA tuzilmasining ilk chempionati O‘zbekiston poytaxti Toshkentda tashkil etildi. Hamkorlik doirasidagi birinchi yirik musobaqa "CASA Rugby 7s Championship" turniri deb ataldi.
16-17-may kunlari bo‘lib o‘tgan musobaqada Hindiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Mug‘uliston, Pokiston, Shri-Lanka va O‘zbekiston terma jamoalari ishtirok etdi. Erkaklar va ayollar o‘rtasidagi bahslar yuqori raqobat va sport muhiti bilan ajralib turdi.


Tadbir nafaqat g‘oliblarni aniqlash, balki mintaqa davlatlari o‘rtasida sport diplomatiyasi, o‘zaro ishonch va do‘stlikni mustahkamlashga ham xizmat qildi. Mazkur voqea regbini ommalashtirish va yosh sportchilar uchun yangi imkoniyatlar yaratish yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholanmoqda.
Chempionat Alyansining amaliy faoliyatiga start berib, Markaziy va Janubiy Osiyoda regbi rivojining yangi bosqichini boshlab berdi.


Musulmon Ziyo, O‘zA