Toshkentda “CAITME 2026” 17-Markaziy Osiyo xalqaro ko‘rgazmasi ochildi
Bugun poytaxtimizdagi “O‘zekspomarkaz” markaziy ko‘rgazmalar majmuida “To‘qimachilik uskunalari va texnologiyalari - CAITME 2026” 17-Markaziy Osiyo xalqaro ko‘rgazmasi o‘z ishini boshladi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan ko‘rgazmaning tantanali ochilish marosimida so‘zga chiqqan mutasaddilar “CAITME 2026” nafaqat to‘qimachilik sanoati uchun zamonaviy texnologiya va uskunalar namoyish etiladigan maydon, balki xorijiy investorlar, ishlab chiqaruvchilar va mahalliy korxonalar o‘rtasida yangi hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishga xizmat qiladigan muhim xalqaro biznes platforma ekanini ta’kidladi.
Aytish kerakki, yillar davomida “CAITME” nafaqat Markaziy Osiyo, balki MDH hududida to‘qimachilik mashinasozligi va zamonaviy texnologiyalar namoyish etiladigan nufuzli professional maydonga aylandi. Bugungi kunda u O‘zbekistonning to‘qimachilik sanoatidagi xalqaro nufuzini namoyon etuvchi milliy brendlardan biri sifatida shakllangan.
Bu gal 18 mamlakatdan 262 ta kompaniya ishtirok etayotgan mazkur ko‘rgazmaning ahamiyati, avvalo, uning real ishlab chiqarish ehtiyojlariga yaqinligida namoyon bo‘lmoqda. Korxonalar bu yerda yangi uskunalar bilan tanishish, ishlab chiqarish jarayonlarini avtomatlashtirish, energiya va resurslar sarfini kamaytirish, mahsulot sifatini oshirish hamda ilg‘or texnologiya yetkazib beruvchilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish imkoniyatiga ega.
“Iteca Exhibitions” xalqaro ko‘rgazmalar kompaniyasi bosh direktori Nigora Hasanovaning so‘zlariga ko‘ra, bugungi sharoitda to‘qimachilik korxonalari uchun texnologiya tanlovi oddiy modernizatsiya masalasidan ko‘ra kengroq ma’no kasb etmoqda.
– “CAITME” bugun oddiy ko‘rgazma emas. U ishlab chiqaruvchi, texnologiya yetkazib beruvchi va xaridorni bir joyda uchrashtirib, soha kelajagini muhokama qilish imkonini beradigan professional biznes maydondir. Ayniqsa, jahon to‘qimachilik sanoati avtomatlashtirish, raqamlashtirish, resurs tejamkorligi va barqaror ishlab chiqarish kabi yangi talablarga moslashayotgan bugungi sharoitda “CAITME”ning ahamiyati yanada ortib bormoqda.
Jahon to‘qimachilik sanoati hozir murakkab transformatsiya jarayonini boshdan kechirmoqda. Tashqi bozorlarda raqobatning kuchayishi, ta’minot zanjirlarining o‘zgarishi, transport-logistika xarajatlarining qayta shakllanishi hamda xalqaro xaridorlarning mahsulot ishlab chiqarishda shaffoflik va ekologik barqarorlikka qo‘yayotgan talablari korxonalardan yangi yondashuvlarni talab qilyapti.
Bunday sharoitda avtomatlashtirish asosiy trendlardan biriga aylanmoqda. Zamonaviy texnologiyalar ishchi kuchi yetishmasligi muammosini qisqartirish, mehnat unumdorligini oshirish, inson omili ta’sirini kamaytirish va mahsulot sifatining barqarorligini ta’minlash imkonini beradi, – dedi N. Hasanova.
“CAITME 2026”da xorijiy ishtirokchilarning ulushi 83 foizni tashkil etmoqda. Xitoy, Turkiya, Germaniya, Italiya va Hindiston ishtirokchilar soni bo‘yicha yetakchi beshlikdan joy olgan. Xususan, Shveysariyaning “Rieter” kompaniyasi yigiruv fabrikalarini avtomatlashtirish bo‘yicha yechimlarini, Germaniyaning “TEXPA GmbH” kompaniyasi esa uy to‘qimachiligi mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun avtomatik va yarim avtomatik liniyalarni namoyish etmoqda.
Ko‘rgazmada texnologiyalarning ko‘p funksiyaliligi ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Masalan, O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan “Ricoma Asia” kompaniyasi kashta tikishdan tashqari munchoq, marvarid va kristallar bilan ishlash imkoniyatiga ega uskunalarni taqdim etmoqda. Maxsus moslamalar yordamida o‘zbek milliy kashtachiligiga xos “popop kashta” usulidagi bezaklarni ham yaratish mumkin.
[gallery-31314]
– Bugun korxonalar uchun eng muhim masala shunchaki yangi uskuna sotib olish emas, balki ishlab chiqarishning butun zanjirini samarali tashkil etishdir. Avtomatlashtirish, energiya tejamkorligi, raqamli boshqaruv, qayta ishlash va mahsulot sifatini oshirish bir-biri bilan uzviy bog‘liq. “CAITME” ana shu jarayonlarni bir maydonda ko‘rish, zamonaviy yechimlar bilan tanishish va ularni amaliyotga tatbiq etish uchun zarur hamkorlarni topish imkonini beradi.
O‘zbekiston to‘qimachilik sanoati uchun bu jarayon alohida ahamiyatga ega. 2025-yilda sohaga jalb etilgan xorijiy investitsiyalar hajmi 2,1 milliard dollarni tashkil etgani ham tarmoqning investitsiyaviy salohiyati ortib borayotganini ko‘rsatadi, – dedi “Iteca Exhibitions” xalqaro ko‘rgazmalar kompaniyasi bosh direktori o‘rinbosari Oyimxon Bobojonova.
“Global Exim” kompaniyasi savdo menejeri Davlat Sharipovning ta’kidlashicha, mazkur tashkilot zamonaviy to‘quv uskunalarini O‘zbekiston va Osiyo bozoriga olib kirish orqali soha rivojiga o‘z hissasini qo‘shishni maqsad qilgan.
– To‘quv sanoatini rivojlantirishga o‘z hissamizni qo‘shish uchun Yevropada ishlab chiqariladigan dastgohlarni Osiyo bozoriga olib kiryapmiz. Ularni Yevropa standartlari asosida mahalliy bozorga taklif qilyapmiz. O‘zim ham institutda to‘quv sohasini tamomlaganman. Shuning uchun aynan shu yo‘nalishda ishlab, sohaning rivojiga o‘z hissamni qo‘shishni istayman.
Ko‘rgazmada “Wellknit” kompaniyasining aylana to‘quv dastgohi namoyish etilmoqda. U 1987-yilda Tayvanda tashkil etilgan to‘qimachilik mashinasozligi korxonasi bo‘lib, ishlab chiqarish bazasi Xitoyda joylashgan. “Global Exim” joriy yil may oyida kompaniya bilan hamkorlik shartnomasini imzolagan. “CAITME 2026” esa ularning mazkur brend bilan O‘zbekistondagi ilk ishtiroki hisoblanadi.
Birinchi kundanoq qiziquvchilar ko‘p bo‘ldi. Ko‘plab mutaxassislar dastgohni ko‘rib, uning imkoniyatlari bilan qiziqishdi. Mijozlarning talablarini inobatga olgan holda uskunalarning ayrim xususiyatlariga o‘zgartirishlar kiritib keldik. Shu jihatdan ijobiy fikrlar oldik.
Namoyish etilayotgan aylana ignali trikotaj to‘quv dastgohi tayyor kiyim emas, balki keyingi texnologik jarayonlarda foydalaniladigan trikotaj mato ishlab chiqarishga mo‘ljallangan.
Bu xalqali to‘quv dastgohi bo‘lib, xom trikotaj mahsulotini to‘qiydi. Keyin mato bo‘yoqxonada bo‘yalib, keyingi bosqichda tikuv jarayoniga yo‘naltiriladi, – dedi Davlat Sharipov.
Ta’kidlash joizki, bunday zamonaviy uskunalarning O‘zbekiston bozoriga kirib kelishi mahalliy korxonalarning ishlab chiqarish imkoniyatlarini kengaytirish, mahsulot sifatini oshirish va ilg‘or texnologiyalarni joriy etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Eslatib o‘tamiz, “To‘qimachilik uskunalari va texnologiyalari - CAITME 2026” 17-Markaziy Osiyo xalqaro ko‘rgazmasi o‘z ishini 10-sentabr kuni yakunlaydi.
Nasiba Ziyodullayeva,
Oybek Pardayev (surat), O‘zA