Jizzaxda avtomobilsozlikni kengaytirishga 68,4 million dollar sarmoya kiritiladi
Zamonaviy avtomobilsozlikning qudrati faqat konveyerdan tushayotgan mashinalar soni bilan emas, balki ularda mahalliy ishlab chiqaruvchilar ulushi qanchalik ortib borayotgani bilan ham belgilanadi. Jizzaxda bu boradagi sa’y-harakatlar sanoat rivojiga yangi mazmun bag‘ishlab, hududning ishlab chiqarish imkoniyatlarini kengaytirmoqda.
Jizzaxda avtomobilsozlik sanoati yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Xorijiy sarmoya, zamonaviy texnologiya va mahalliy tadbirkorlik salohiyati bir nuqtada tutashib, nafaqat avtomobillar ishlab chiqarish, balki ular uchun zarur butlovchi qismlarni o‘zimizda tayyorlashga qaratilgan keng ko‘lamli jarayonni shakllantirmoqda. E’tiborlisi, bu jarayonda mahalliy korxonalarning o‘rni va mas’uliyati ham tobora ortib bormoqda.

Bugun viloyatda BYD, KIA, Chery, Haval, Truck and Bus kabi xalqaro brendlar bilan bog‘liq ishlab chiqarish yo‘nalishlari rivojlanmoqda. Bu esa Jizzax sanoatining xalqaro ishlab chiqarish tizimiga integratsiyalashuvi, yangi hamkorlik aloqalarining yo‘lga qo‘yilishi va mahalliylashtirish imkoniyatlarining kengayishiga xizmat qilmoqda.
Rejalarning ko‘lami ham salmoqli. 2026-yilda “ADM Jizzakh” va “BYD Uzbekistan Factory” kompaniyalari ishlab chiqarishni kengaytirish uchun jami 68,4 million dollar investitsiya yo‘naltirishni rejalashtirgan. Mazkur tashabbuslar doirasida 23 ta korxona faoliyatini yo‘lga qo‘yish, jumladan, mahalliy tadbirkorlar bilan kooperatsiya asosida 6 ta yangi korxona tashkil etish hamda 54 turdagi butlovchi qismni mahalliylashtirish ko‘zda tutilgan. Bu raqamlar ortida yangi ishlab chiqarish zanjirlari, tadbirkorlik uchun qo‘shimcha imkoniyatlar va sanoat hamkorligining kengayishi mujassam.


“ADM Jizzakh” MCHJ negizida Lada va Renault avtomobillarini ishlab chiqarishni mahalliylashtirish loyihasiga esa 64 million dollar investitsiya o‘zlashtirilgan. Koreya Respublikasi va Xitoy bilan hamkorlikdagi umumiy qiymati 400 million dollar bo‘lgan investitsiya loyihalari doirasida KIA, Chery va Haval brendlari ostida 15 dan ortiq turdagi yengil avtomobil ishlab chiqarish ham yo‘lga qo‘yilgan. Bu kabi tashabbuslar viloyatda avtomobilsozlikning ko‘lami va ishlab chiqarish imkoniyatlarini kengaytirmoqda.
Ayni paytda e’tibor faqat tayyor avtomobil ishlab chiqarish bilan cheklanmayapti. Avtomobilsozlikning muhim bo‘g‘ini bo‘lgan butlovchi qismlar sanoatini rivojlantirishga ham ustuvor ahamiyat berilmoqda. Viloyatda plastik detallar, o‘rindiqlar, elektr kabellari, kuzov qismlari uchun shtamplar va boshqa mahsulotlarni ishlab chiqarish bo‘yicha 10 dan ortiq loyiha amalga oshirilmoqda. Bu esa importga qaramlikni kamaytirish va mahalliy mahsulotlar ulushini oshirish yo‘lidagi muhim qadamdir.
Jizzax shahridagi “Jinting Automobile Electric” MCHJ xorijiy korxonasida yengil avtomobillar uchun elektr kabellari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Yillik quvvati 210 ming donani tashkil etuvchi korxonada 250 ta yangi ish o‘rni yaratildi. O‘zbekiston - Janubiy Koreya hamkorligidagi “ADMC DASAN” MCHJ shaklidagi qo‘shma korxonada esa avtomobillarning ichki va tashqi qismlari uchun plastik detallar ishlab chiqarish tashkil etildi. Yiliga 50 million dona mahsulot tayyorlashga mo‘ljallangan mazkur korxonada yana 60 kishi ish bilan ta’minlandi.


Bir qarashda, bu raqamlar oddiy ishlab chiqarish ko‘rsatkichlaridek tuyulishi mumkin. Aslida esa ularning zamirida yangi kasb va malaka egallayotgan insonlar, kengayayotgan tadbirkorlik imkoniyatlari hamda mahalliy sanoatning tobora mustahkamlanayotgan poydevori bor. Har bir yangi korxona va o‘zlashtirilgan texnologiya hududning ishlab chiqarish salohiyatiga qo‘shilgan hissadir.
Eng muhimi, Jizzaxda avtomobilsozlik atrofida o‘zaro bog‘langan korxonalar tizimi shakllanmoqda. Mahalliy ishlab chiqaruvchilarning xalqaro ta’minot zanjirlariga kirib borishi, raqobatbardosh mahsulotlar tayyorlashi va xorijiy hamkorlar bilan tajriba almashishi uchun yangi imkoniyatlar ochilmoqda. Ana shu jarayonning izchil davom etishi viloyat sanoatining kelgusi taraqqiyotida muhim o‘rin tutadi.
Abdujalol Qayumov,
O‘zA muxbiri