Toshkentda adaptiv ijtimoiy himoya bo‘yicha trenerlar tayyorlanmoqda
Toshkent shahrida Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan adaptiv ijtimoiy himoya hamda iqlim o‘zgarishlariga moslashishning asosiy tamoyillariga bag‘ishlangan trenerlarni tayyorlash (ToT) dasturi o‘tkazildi.
Mazkur dasturning asosiy maqsadi keyinchalik respublika hududlarida tashkil etiladigan o‘quv seminarlari uchun malakali mutaxassislarni tayyorlashdan iborat. Treninglar ijtimoiy himoya tizimining iqlim o‘zgarishi, tabiiy ofatlar, favqulodda vaziyatlar va boshqa turli shoklarga nisbatan tayyorgarligini oshirishga qaratilgan.
O‘quv jarayonida ishtirokchilar adaptiv ijtimoiy himoyaning asosiy tushunchalari, iqlim va ofat xatarlari, kovariant va individual shoklar, favqulodda vaziyatlarga javob choralari, erta ogohlantirish tizimlari hamda idoralararo hamkorlik mexanizmlari bo‘yicha nazariy va amaliy bilimlarga ega bo‘lmoqda.
Dastur metodologiyasi interaktiv yondashuvlarga asoslangan bo‘lib, amaliy mashg‘ulotlar, guruh muhokamalari va yakka tartibdagi kouchinglarni o‘z ichiga oladi. Shuningdek, ishtirokchilar treninglarni rejalashtirish, auditoriya bilan samarali muloqot qilish, guruh dinamikasini boshqarish va turli murakkab vaziyatlarda yechim topish ko‘nikmalarini ham mustahkamlaydi.
Tayyorlangan trenerlar iyul-avgust oylarida respublika bo‘ylab tashkil etiladigan o‘quv seminarlarida ishtirok etib, adaptiv ijtimoiy himoya tamoyillarini amaliyotga tatbiq etishga hissa qo‘shadi. Ushbu seminarlar orqali jami 850 nafar ishtirokchini, jumladan Agentlik markaziy apparati, hududiy boshqarmalar, boshqa vazirlik va idoralar hamda “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari xodimlarini qamrab olish rejalashtirilgan.
Mutaxassislarni tayyorlashga qaratilgan mazkur tashabbus kelgusida ijtimoiy himoya tizimining turli shok va favqulodda holatlarga tezkor javob berish salohiyatini oshirish, aholi ehtiyojlarini oldindan baholash hamda idoralararo hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi kutilmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA