MIB: raqamlashtirish sohaga izchil tatbiq etilmoqda
Namanganda Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan matbuot anjumanida ommaviy axborot vositalari xodimlari va blogerlarga raqamlashtirish va amaliyotga tatbiq etilayotgan yangiliklar, qonunchilikdagi o‘zgarishlar yuzasidan ma’lumot berildi.
MIB Namangan viloyati boshqarmasi boshlig‘i Bekzod Mirzaahmedov qayd etganidek, keyingi yillarda zamon talabidan kelib chiqqan holda, har bir soha va tarmoqlarni raqamlashtirishga qaratilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rliklar byuro organlarini ham qamrab olmoqda.
Ta’kidlanganidek, byuro organlari tomonidan fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan ijro harakatlari doimiy ravishda takomillashtirilmoqda. Zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy etish, elektron ijro tizimlaridan samarali foydalanish va murojaatlar bilan ishlash sifatini oshirish ustuvor vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda.

Bu borada Prezidentimizning 2026-yilning 30-martdagi “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini raqamlashtirish va samaradorligini oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni muhim o‘rin tutmoqda.
Mazkur farmondan ko‘zlangan maqsad ijro jarayonlariga zamonaviy axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt yechimlarini keng joriy etish orqali tizim samaradorligini oshirish, inson omilini qisqartirish hamda aholi uchun qulay va shaffof xizmatlarni yaratishdan iborat.

Shunga ko‘ra, kelgusida ijro ishlarining kamida 30 foizi davlat ijrochilarining bevosita aralashuvisiz avtomatlashtirilgan tarzda amalga oshiriladi. Qolaversa, 2027-yil 1-yanvardan boshlab davlat ijrochilari tomonidan qabul qilinadigan qarorlarning kamida 70 foizi avtomatik tarzda shakllantirilishi rejalashtirilgan.
Endilikda mulk va aktivlarni boshqarish sohasida ham yangi mexanizmlar joriy etilmoqda. 2026-yil 1-iyuldan boshlab sud hujjatlari asosida davlat daromadiga o‘tkaziladigan avtotransport vositalari hamda ko‘chmas mulk ob’ektlari davlat ijrochisining qarori asosida to‘g‘ridan-to‘g‘ri Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tasarrufiga o‘tkaziladi. Shuningdek, mol-mulklarni elektron onlayn-auksionlar orqali sotish amaliyoti yanada keng qo‘llaniladi.


Muammoli kreditlar bo‘yicha ijro hujjatlarini amalga oshirish ixtisoslashtirilgan davlat ijrochilari zimmasiga yuklatilmoqda. Mazkur vazifalarning samaradorligini ta’minlash uchun qo‘shimcha 400 ta shtat birligi ajratildi. Natijada Majburiy ijro byurosi Namangan viloyati boshqarmasida alohida muhim ijro hujjatlarini bajarish sho‘’basi malakali mutaxassislar bilan shakllantirilib, ish boshladi.
Aliment majburiyatlarini o‘z vaqtida ta’minlash masalasi ham doimiy e’tibor markazida bo‘lib qolmoqda. 2026-yil 1-maydan boshlab aliment qarzdorligini bartaraf etishga qaratilgan yangi tartib joriy etildi. Unga ko‘ra, qarzdorlik to‘liq qoplanmagunga qadar ayrim yirik bitimlarni amalga oshirish, shuningdek, muayyan moliyaviy va davlat xizmatlaridan foydalanishga nisbatan cheklovlar qo‘llaniladi.
Sud qarorlarining ijrosini ta’minlash jarayonida qonunchilik talablariga qat’iy rioya etish, inson huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish asosiy tamoyil sifatida belgilangani ta’kidlandi.
Matbuot anjumanida jurnalistlar va ijtimoiy tarmoq faollari sohaga oid qiziqtirgan savollariga batafsil javob oldi. MIB Namangan viloyati boshqarmasi tomonidan kelgusida ham davlat organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash, sud hujjatlari ijrosi samaradorligini yanada oshirish, fuqarolar murojaatlarini tezkor va sifatli ko‘rib chiqish hamda ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha ishlar izchil davom ettirilishi aytib o‘tildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA