Toshkentda 7-maydan avtobus konditsionerlari ishga tushiriladi
Toshkent shahrida havo haroratining keskin ko‘tarilishi sababli jamoat transportida yo‘lovchilar uchun qulay sharoit yaratish bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rilmoqda.
Toshkent shahar transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish bosh boshqarmasining 2026-yil 30-apreldagi ko‘rsatma xatiga muvofiq, tashqi havo harorati +28°C dan yuqori bo‘lgan hollarda avtobus salonlarida konditsionerlardan majburiy foydalanish belgilandi. Shu bilan birga, salon ichidagi haroratni +26°C atrofida saqlash talabi qo‘yilgan.
Mazkur topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida 2026-yil 7-maydan boshlab poytaxtdagi avtobuslarda sovitish tizimlari bosqichma-bosqich ishga tushirilmoqda.
"Toshshahartransxizmat" AJ ma’lum qilishicha, yo‘lovchilarga sifatli va qulay xizmat ko‘rsatish uchun bir qator choralar amalga oshiriladi. Jumladan, konditsioner tizimi nosoz bo‘lgan avtobuslarni yo‘nalishlarga chiqarmaslik, mavjud texnik nosozliklarni qisqa muddatlarda bartaraf etish hamda barcha haydovchilar uchun konditsionerlardan to‘g‘ri foydalanish bo‘yicha navbatdan tashqari yo‘riqnomalar o‘tkazish rejalashtirilgan.
Shuningdek, "Toshkent shahar yo‘lovchi tashishni monitoring va nazorat qilish" davlat muassasasi tomonidan jamoat transportida nazorat tadbirlari kuchaytirildi. Yo‘lovchilardan kelib tushayotgan murojaatlar tezkor tartibda ko‘rib chiqilib, belgilangan talablarni bajarmagan mas’ullarga nisbatan qat’iy intizomiy choralar qo‘llanishi ta’kidlandi.
Hamroz Bayonov,
O‘zA