Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Toshkent viloyatida barcha davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari vaqtincha yopildi.
Toshkent viloyati hokimi rahbarligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda barcha tuman va shahar hokimliklariga topshiriq berildi. Ya’ni, joriy yil 16-iyuldan boshlab hududdagi barcha davlat, xususiy va idoraviy maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyati vaqtincha to‘xtatildi. Shu bo‘yicha tuman-shahar hokimlarining tegishli qarorlari chiqarilib, joylarda amalga oshirish lozim bo‘lgan vazifalar belgilandi.

Bog‘chalar faoliyati ob-havo me’yoriy holatga kelgach, viloyat hokimligining qo‘shimcha qaroriga asosan qayta yo‘lga qo‘yiladi.
***
Angren shahrida "Besh tashabbus olimpiadasi" doirasida sportning milliy kurash turi bo‘yicha viloyat bosqichi musobaqalari bo‘lib o‘tdi.

Unda Ohangaron tumani sportchilari munosib ishtirok etib, yuqori natijalarni qo‘lga kiritdi. Hududdagi "Uvak", "Nurobod" va "Chuvildoq" kabi MFYlar yoshlar o‘z vazn toifasida g‘olib va sovrindorlar qatoridan joy oldi. G‘oliblar endi musobaqaning respublika bosqichida qatnashadi.
***
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikda tomorqa yer egalari va dehqon xo‘jaliklarining iqtisodiy salohiyatini mustahkamlashga qaratilgan loyihani amalga oshirmoqda.

Bu borada Latviya delegatsiyasi Bo‘stonliq tumanida bo‘lib, qishloq xo‘jaligidagi ilg‘or tajribalar bilan tanishdi.
Mehmonlar “Bo‘stonliq Kartoshkachilik Markazi”da serhosil kartoshka navlarini yetishtirish va saqlash jarayonlari, “Escalodo Business” MCHJda esa malina, qulupnay va qorag‘at yetishtirishda suvni tejovchi zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash tajribasi o‘rganildi. Mazkur loyiha tomorqa yer egalari va dehqon xo‘jaliklarining daromadini oshirish, zamonaviy agrotexnologiyalarni ommalashtirish hamda qishloq hududlarida yangi bandlik imkoniyatlarini yaratishga xizmat qilmoqda.
A.Musayev,O‘zA.