Hamkorlik yo‘nalishlari muhokama qilindi
Toshkent kimyo-texnologiya institutining Yangiyer filialida Xitoy Xalq Respublikasidan tashrif buyurgan investorlar ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, innovatsion loyihalarni amalga oshirish hamda ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Muzokaralar chog‘ida filial huzuridagi Energetika texnoparkida litiy-ion akkumulyatorlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan "Celco" kompaniyasining faoliyati, ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va mahsulot raqobatbardoshligini yuksaltirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish, ilg‘or xorijiy tajribani ishlab chiqarishga tatbiq etish, ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish hamda zamonaviy sanoat uchun raqobatbardosh kadrlar tayyorlash bo‘yicha hamkorlik masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Uchrashuv yakunida hamkorlikni yanada rivojlantirish, qo‘shma loyihalarni kengaytirish va kelgusidagi amaliy ishlar bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

— Bugungi kunda xalqaro hamkorlik nafaqat investitsiyalarni jalb etish, balki zamonaviy texnologiyalar va ilg‘or tajribani mamlakatimizga olib kirishning ham muhim vositasi hisoblanadi. Xitoylik hamkorlar bilan amalga oshirilayotgan loyihalar talabalarning amaliy ko‘nikmalarini boyitish, ilmiy ishlanmalarni ishlab chiqarishga tatbiq etish va yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash sifatini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi. Bu esa filialning xalqaro nufuzini oshirish bilan birga, hududda yuqori texnologiyali sanoatni rivojlantirish uchun ham yangi imkoniyatlar yaratadi, — deydi TKTI Yangiyer filialining xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Rustam Mahmudov.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri