Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Toshkent viloyati Ohangaron tumanidagi A373 xalqaro yo‘lida harakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida muhim chora ko‘rildi. Endi haydovchilar uchun tezlik yangicha tartibda belgilandi.
Toshkent viloyati Ohangaron tumani hududidan o‘tuvchi xalqaro ahamiyatdagi A373 “Toshkent–Ohangaron–Angren–Qo‘qon–Shahrixon–Andijon” avtomobil yo‘lida yo‘l-transport hodisalarining oldini olish, fuqarolar hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish hamda harakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida transport vositalari uchun harakatlanish tezligi kamaytirildi.
Bu haqda Xalq deputatlari Toshkent viloyat Kengashining tegishli qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, Ohangaron tumani hududidan o‘tuvchi ushbu avtomobil yo‘lida yengil avtomobillar uchun maksimal harakatlanish tezligi 80 km/soat, yuk avtomobillari uchun esa 50 km/soat etib belgilandi.
***

Yangiyo‘l tumanida qishloq xo‘jaligi yerlaridan samarali foydalanish, eksportbop va yuqori daromadli mahsulotlar yetishtirishga qaratilgan innovatsion issiqxonalarni tashkil etish bo‘yicha seminar o‘tkazildi.
Unda viloyat hokimligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi mas’ullari, hududiy bo‘lim rahbarlari, tijorat banklari va mahallalardagi tashabbuskorlar ishtirok etdi. Asosiy e’tibor Xitoy tajribasi asosida barpo etilayotgan zamonaviy issiqxona kompleksi imkoniyatlari hamda istiqbolli loyihalarga qaratildi. Shuningdek, yerdan foydalanish sohasidagi so‘nggi islohotlar va energiya tejamkor qurilmalar uchun ajratilayotgan subsidiyalar haqida ma’lumot berildi. Ishtirokchilar innovatsion issiqxona faoliyati bilan tanishib, ushbu tajribani hududlarda keng joriy etish va aholi bandligini ta’minlash masalalari yuzasidan fikr almashdi.
***
Toshkent viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasida Rossiya Federatsiyasi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda epidemiologik xavfsizlik masalalariga bag‘ishlangan seminar-trening tashkil etildi.

Seminarda tibbiyot muassasalarida epidemiologik xavfsizlikni ta’minlash, shifoxona ichi infeksiyalarining oldini olish, tibbiy jihozlarni zamonaviy usullarda zararsizlantirish, dezinfeksiya vositalarini qo‘llash hamda kadrlar malakasini oshirish masalalari muhokama qilindi. Yakunda ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish va kadrlar salohiyatini oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
A.Musayev, O‘zA