Ohangaron piyozi — daladan eksport bozorlarigacha
Ayni kunlarda Ohangaron tumanining ertaki piyoz yetishtirishga ixtisoslashgan hududlarida hosil yig‘im-terimi qizg‘in pallaga kirgan. Dehqon va fermerlar bir necha oylik mashaqqatli mehnat samarasini yig‘ishtirib olish bilan birga, mahsulotni sifatli saqlash va tashqi bozorlarga yetkazib berish vazifalarini ham amalga oshirmoqda.
Bu manzilda mavsumiy ishchilar, yuk tashuvchilar va avtotransport haydovchilari uchun ovqatlanish, zarur paytda dam olish hamda dalalarga qatnashi uchun barcha sharoit yaratilgan. Shuningdek, hosilni yig‘ish, saralash, qoplash va tashish ishlarini muvofiqlashtirish ham aynan ushbu shtab orqali amalga oshirilmoqda. Bu esa ishlar samaradorligini oshirish va mahsulotni o‘z vaqtida eksportga yo‘naltirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Avvalo, maxsus texnikalar yordamida yerdan kovlab olingan hosil mavsumiy ishchilar tomonidan saralanib, qoplarga joylanadi. Keyin esa yengil yuk tashuvchi transportlar orqali mahsulot yirik yuk mashinalariga yetkaziladi. Bu jarayonda har bir qopga maxsus yorliq biriktirilib, mahsulotning kelib chiqishi va harakatini nazorat qilish imkoniyati yaratiladi.


Bugungi kunda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilishda fitosanitar xavfsizlik muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois Ohangaron tumanida eksportga tayyorlanayotgan har bir mahsulot partiyasi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi Toshkent viloyati boshqarmasi mutaxassislari tomonidan sinchiklab tekshirilmoqda. Karantin inspektorlari mahsulotlarni ko‘rikdan o‘tkazib, tegishli ichki fitosanitariya sertifikatlarini rasmiylashtirmoqda.


Shuningdek, mahsulot yetishtirilgan har bir maydonning ID raqami “Dala nazorati” avtomatlashtirilgan axborot tizimiga kiritilyapti. Bu esa mahsulotning qaysi hududda yetishtirilgani, uning sifati va xavfsizligi haqidagi ma’lumotlarni elektron tarzda kuzatish imkonini beradi. Mazkur tizim orqali rasmiylashtirilgan hujjatlar mahsulotlarni tashqi iqtisodiy faoliyat maskanlariga yo‘naltirishda muhim ahamiyatga ega.

– Ta’kidlash lozimki, Ohangaron tumani keyingi yillarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini kengaytirish bo‘yicha yuqori natijalarga erishib kelmoqda, – deydi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi Ohangaron tumani bo‘limi rahbari Bobur Mirzayev. – Joriy mavsumda tumanda 2 ming 500 gektar maydonda piyoz ekini parvarish qilindi. Hosildorlikni oshirish maqsadida zarur agrotexnik tadbirlar o‘z vaqtida amalga oshirildi. Natijada yuqori sifatli va eksportbop mahsulot yetishtirishga erishildi.

Hududimizda 2026-yil uchun 15 ming tonna piyoz mahsulotini eksport qilish rejasi belgilangan. Bu vazifani amalga oshirish maqsadida fermer xo‘jaliklari va eksportyor korxonalar tomonidan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. May oyi yakuniga qadar tumandan 4 ming 500 tonna piyoz eksport qilinib, yillik rejaning salmoqli qismi bajarildi. Ushbu mahsulotlar 1 ming 500 gektar maydonda yetishtirilgan hosil hisobiga shakllantirilgani e’tiborlidir. Muhimi, bu dalalarda asosan tomchilatib sug‘orish texnologiyasi keng qo‘llaniladi. Bu orqali ortiqcha suv sarfining oldi olinmoqda.
Mutaxassislar fikricha, hosil yig‘im-terimi ishlari to‘liq yakunlangunga qadar eksport hajmlari yanada ortishi kutilmoqda. Bu nafaqat tumanning eksport salohiyatini oshiradi, balki fermerlar daromadlarining ko‘payishiga, aholi bandligining ta’minlanishiga va yangi ish o‘rinlari yaratilishiga ham xizmat qiladi.
Umuman olganda, Ohangaron dalalarida yetishtirilayotgan piyoz nafaqat ichki bozor ehtiyojini ta’minlash, balki tashqi bozorlarda ham milliy mahsulotlarimiz nufuzini oshirishga munosib hissa qo‘shyapti. Daladan boshlangan mehnat samarasi bugun dunyo bozorlari sari yo‘l olmoqda.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/-H2fVPhDns4" title="IMG 2844" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>A. Musayev, O‘zA