Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Bosh vazir o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayxo Mahkamova hamda Toshkent viloyati hokimligi mas’ullari Piskent tumanida pilla qurti yetishtirish hamda boquvchilarga tarqatish jarayonlari bilan yaqindan tanishishdi.
Uchrashuv davomida pilla qurti urug‘larini sifatli tayyorlash, ularni belgilangan tartibda aholiga yetkazish, parvarish jarayonlarini samarali tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Mutaxassislar tomonidan boquvchilarga amaliy tavsiyalar berilib, yuqori hosildorlikka erishish bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borildi.
Ma’lumki, pillachilik sohasida Xitoy tajribasi dunyoda yetakchi hisoblanadi. Ayniqsa, yuqori hosildor ipak qurti navlari, ozuqa bazasini to‘g‘ri tashkil etish va zamonaviy parvarish texnologiyalarini joriy etish orqali yuqori natijalarga erishilmoqda. Bugungi kunda mazkur ilg‘or tajribalarni joriy etish maqsadida joylarda xorijiy hamkorlar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Bu esa aholi bandligini ta’minlash, qo‘shimcha daromad manbalarini yaratish va eksport salohiyatini oshirishga xizmat qilmoqda.
***
Respublika bo‘ylab o‘tkazilayotgan “Qora dori-2026” keng ko‘lamli nazorat tadbirlari doirasida Piskent tumani IIB tezkor xodimlari tomonidan “Birlik” MFY hududida joylashgan xonadon o‘rganildi.
Natijada ushbu uy egasi hovlisidagi uzum tomorqasi tagida 57 tup tarkibida giyohvandlik vositasi bo‘lgan o‘simliklarni parvarishlab, yetishtirib kelayotgani aniqlandi va xolislar ishtirokida ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirilib olingan.
Sudga oid kimyoviy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, olingan 57 tup o‘simlik tanasi, barglari, ildizlari, boshoqlaridan tashkil topgan OPIYLI KO‘KNORI ekani aniqlangan. Holat yuzasidan tuman IIB tomonidan ish qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

***
Zangiota tumanida gaz ta’minoti tizimi tubdan yangilanmoqda. Xususan, birgina “O‘ratepa” MFYda aholini bir maromda va xavfsiz tabiiy gaz bilan ta’minlash maqsadida keng ko‘lamli modernizatsiya ishlari olib borilmoqda.

Amalga oshirilayotgan ishlar tufayli hudud ikki bosqichli gaz ta’minoti tizimiga o‘tkazilmoqda. Buning uchun 220 ta xonadonga alohida gaz reduktorlari o‘rnatilyapti. Gaz hisoblagichlari xavfsizlik talablari asosida ko‘cha qismiga chiqarilmoqda, eski gaz quvurlari tartibga keltirilib, estetik holatga keltirilmoqda. Joylarda zamonaviy, yuqori bosimli yangi gaz taqsimlash punkti o‘rnatilyapti.
Ushbu yangilanishlar natijasida hududdagi gaz bosimi barqarorlashadi va texnik yo‘qotishlarning oldi olinadi.
A. Musayev, O‘zA