Besarangda qovun pishdi
FOTOREPORTAJ
Farg‘ona viloyati Toshloq tumanidagi “Besarang” mahalla fuqarolar yig‘ini aholisi so‘nggi yillarda ertapishar qovun yetishtirish bo‘yicha katta tajriba to‘plab, bu sohani asosiy daromad manbaiga aylantirmoqda. Bu yerda yetishtirilgan poliz mahsulotlari nafaqat ichki bozor ehtiyojini qondiradi, balki qo‘shni davlatlarga ham eksport qilinmoqda.
Mahalla tasarrufidagi 92 gektar tomorqa yerlarining salmoqli qismida qovun yetishtirish yo‘lga qo‘yilgan. O‘tgan yili ishsiz yoshlarni band qilish maqsadida 8 gektar yer ajratilib, 50 nafardan ziyod yigit-qizning bandligi ta’minlangan.
Ayni kunlarda ilk hosil yig‘im-terimi boshlangan bo‘lib, mahsulotlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri bozorga chiqarilmoqda. Xaridorlar qovunni joyida, ulgurji narxlarda sotib olish imkoniyatiga ega.
[gallery-29377]
4 ming 226 nafar aholi istiqomat qiluvchi ushbu mahallada dehqonchilik asosiy drayver tarmoq sifatida belgilangan. Shu bilan birga, hududda karam, qovoq, kartoshka va bulg‘or qalampiri kabi sabzavotlar ham yetishtirilmoqda.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA