Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
“Obod xonadon”, “Obod ko‘cha” va “Obod mahalla” ko‘rik-tanlovining Toshkent viloyati bosqichi bo‘lib o‘tdi. Tanlov dastlab 883 ta mahallani qamrab olib, shahar va tuman bosqichlarida saralangan ishtirokchilar Nurafshon shahrida o‘zaro bellashdi.
Ishtirokchilar tomonidan “Obod xonadon” va “Obod ko‘cha” nominatsiyalarida obodonlashtirish ishlari aks etgan foto va videoroliklar taqdim etildi. Shu bilan birga, “Obod mahalla” nominatsiyasida raislar taqdimot va savol-javoblar orqali o‘z tajribalarini namoyish qildi. Hakamlar hay’ati a’zolari xulosasiga ko‘ra quyidagi ishtirokchilar g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
Xususan, “Obod mahalla” nominatsiyasida Piskent tumani “Bekobod” mahalla fuqarolar yig‘ini g‘olib bo‘ldi. “Obod xonadon” nominatsiyasida Yangiyo‘l tumani “Qirariq” mahalla fuqarolar yig‘ini vakillari yaxshi natija ko‘rsatdi. Shuningdek, “Obod ko‘cha” nominatsiyasi bo‘yicha esa Chirchiq shahrining “Sharq” MFY, Muqimiy ko‘chasi munosib ko‘rildi. Qatnashchilar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.Endi g‘oliblar tanlovning Respublika bosqichida ishtirok etadi.

***
Ohangaron tumanida “Har bir kun – bu imkoniyat, har bir kun – kelajak uchun poydevor” mavzusida amaliy seminar tashkil etildi. Unda Toshkent viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari X.Qoraboyev, viloyat fermerlari Kengashi raisi Sh.Do‘sbekov va O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i F.Muxayminov va soha mutaxassislari, fermer xo‘jaliklari rahbarlari ishtirok etdi.
Seminarda bog‘-tokzorlardagi har bir bo‘sh maydondan samarali foydalanish, dala chetlariga manzarali va mevali ko‘chatlar ekish, hamda bog‘ qator oralariga to‘qsonbosti ekinlarni joylashtirish bo‘yicha atroflicha tushunchalar berildi. Maqsad agrotexnologiyalarni rivojlantirish, yerdan oqilona va unumli foydalanish, suv resurslarini tejovchi texnologiyalarni qo‘llash, sohaga yangicha innovatsion yondashuvlarni joriy etishdir.


***
Qozog‘iston Respublikasi Fan va oliy ta’lim vaziri boshchiligidagi delegatsiya M.Avezov nomidagi Janubiy Qozog‘iston universitetining Toshkent viloyati Chirchiq shahridagi filialida mehmon bo‘ldi. Ular bu dargohdagi ta’lim jarayonlari, mavjud shart-sharoitlar hamda ta’lim infratuzilmasi, zamonaviy laboratoriyalar faoliyati, o‘quv auditoriyalari, talabalar uchun yaratilgan imkoniyatlar va o‘quv dasturlari bilan yaqindan tanishdi.


Uchrashuv doirasida talabalar tomonidan bir qator taklif va tashabbuslar ilgari surilib, ularni amalga oshirish bo‘yicha amaliy rejalar belgilandi.
A.Musayev, O‘zA.