Toshkent metropolitenida xavfsizlik choralari kuchaytirildi
Yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlash maqsadida Toshkent metropoliteni Yer usti halqa yo‘li yo‘nalishida qo‘shimcha profilaktik texnik tekshiruv ishlarini boshlaydi.
Shu munosabat bilan mazkur yo‘nalishda poyezdlar harakati vaqtincha o‘zgartiriladi.
Ma’lum qilinishicha, 2026-yil 17–19-iyul kunlari Yer usti halqa yo‘lidagi poyezdlar har kuni soat 06:00 dan 22:30 gacha harakatlanadi.
Ushbu davr mobaynida yo‘nalishdagi 14 ta metro bekatining konstruktiv va texnik holati mutaxassislar tomonidan atroflicha ko‘zdan kechiriladi. Tekshiruvlar inshootlarning mustahkamligi, muhandislik tizimlari va ekspluatatsiya xavfsizligini yana bir bor baholashga qaratilgan.
Metropoliten mutasaddilari ta’kidlashicha, profilaktik tadbirlar infratuzilmaning ishonchli faoliyatini ta’minlash, texnik holatni chuqur tahlil qilish hamda yo‘lovchilar uchun yanada xavfsiz va qulay xizmat ko‘rsatishga qaratilgan.
Vaqtinchalik harakat jadvalidagi o‘zgarishlar munosabati bilan yo‘lovchilardan uzr so‘raldi hamda safarlarni oldindan rejalashtirish tavsiya etildi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA