Qaytish chiptasi: Grant, orzu va yo‘l…
Xorijdagi nufuzli universitetlarda tahsil olib, orttirilgan bilim va tajribani Vatan taraqqiyotiga yo‘naltirayotgan yoshlar bugun O‘zbekistonning intellektual salohiyatini yuksaltirishda muhim o‘rin tutmoqda. Ularning muvaffaqiyati tarixi, hayotiy tajribasi va zamonaviy qarashi minglab yoshlar uchun ilhom manbai bo‘lishi shubhasiz.
O‘zA yangi “Qaytish chiptasi” loyihasini yo‘lga qo‘ydi. Endi biz “El-yurt umidi” jamg‘armasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritib, xorijda o‘qigan yoki ayni payt tahsil olayotgan iqtidorli yoshlar bilan muntazam suhbatlashamiz. Asosiy maqsad – sara yoshlarimizning hayot yo‘li, xalqaro tajribasi, kasbiy ko‘nikmasi va mamlakat taraqqiyoti uchun qilayotgan ishlarini keng jamoatchilikka yetkazish, keyingi avlodni yangi marralar sari ilhomlantirish.
Ilk mehmonimiz Buyuk Britaniyadagi “Reading” universiteti bitiruvchisi, Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazi yetakchi mutaxassisi Jononaxon Berdiyeva.
Qahramonimiz dastlab INHA universitetida muhandislikka o‘qigan. Keyinchalik Buyuk Britaniyada raqamli innovatsiya yo‘nalishida tahsil olib, xalqaro tajriba orttirgan. Bugun esa “O‘zbekiston-2030” strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan raqamli islohotlarni tahlil qilish va muvofiqlashtirish yo‘nalishida faoliyat yurityapti.
Uning muhim tashabbuslaridan biri – “STEAM Woman” loyihasi. Shaxsiy tajribasi asosida yo‘lga qo‘yilgan mazkur tashabbus qizlar va ayollarning axborot texnologiyasi hamda raqamli sohadagi salohiyatini rivojlantirish, mentorlik imkoniyatini kengaytirish va inklyuziv professional muhit shakllantirishga qaratilgan.
Suhbatimiz davomida Jononaxon talabalik davrida boshidan kechirgan ta’sirli voqealar, xalqaro ta’lim muhiti shakllantirgan dunyoqarash, raqamli hukumat tizimi istiqboli, zamonaviy yoshlar egallashi zarur bo‘lgan ko‘nikma hamda O‘zbekistonda raqamli transformatsiya jarayoniga qo‘shayotgan hissasi haqida so‘zlaydi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/UbsUdiT2-ig?si=wD37KKVemGL4dqrC" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Musulmon Ziyo,
Nishonboy Abduvoitov (video),
O‘zA