Tirik chorva, baliq va asalarilarga QQSning nol stavkasi joriy etildi
O‘zbekistonda qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS)ning nol stavkasi qo‘llaniladigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ro‘yxati kengaytirilib, 14 ta yangi pozitsiya bilan 518 taga yetkazildi.
Yangilangan ro‘yxatga tirik baliqlar, tirik chorva mollari (buzoq, sigir, buqa, qo‘y, echki, ot, tuya, eshak), asalari oilalari (paketlar), ipak qurti, shuningdek ferula (kovrak) ko‘chati va smolasi kiritildi.
Ma’lum qilinishicha, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari tomonidan yetishtirilgan mahsulotlarni (paxta va g‘alladan tashqari) sotishda QQSning nol stavkasi qo‘llaniladi. Ushbu tartib Prezidentning 2025-yil 4-sentabrdagi tegishli farmoniga muvofiq tasdiqlangan.
Ro‘yxat Soliq qo‘mitasining ochiq ma’lumotlar bazasida joylashtirilgan bo‘lib, unga olma, nok, o‘rik, shaftoli, tarvuz, qovun, sabzavotlar, donli va dukkakli ekinlar, sut mahsulotlari, go‘sht, baliq, urug‘ va ko‘chatlar kabi keng turdagi mahsulotlar ham kiritilgan.
Mazkur imtiyoz qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarining soliq yukini kamaytirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari aylanmasini rag‘batlantirish hamda sohada qo‘shilgan qiymat zanjirini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, 2026-yildan boshlab fermer va dehqon xo‘jaliklari uchun o‘zlari yetishtirgan mahsulotlarni sotishda QQSning nol stavkada qo‘llanilishi belgilangan.
Mutaxassislar bu chora qishloq xo‘jaligi sohasida “yashirin iqtisodiyot”ni qisqartirish va ishlab chiqarishni kengaytirishga turtki berishini ta’kidlamoqda.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA