O‘zbekiston uy-joy bozori mo‘’tadillashdi
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi 2026-yilning aprel oyi yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozorining yangilangan sharhini taqdim etdi. Unga ko‘ra, bozorda faollik barqarorlashdi. Sotuvlar hajmi biroz pasaygan bo‘lsa-da, yillik hisobda bitimlar soni o‘sishi va narxlar ijobiy dinamikasi saqlanib qolmoqda. Bu holat, ayniqsa, yangi uy-joylar va ijara bozorida yaqqol sezilmoqda.
Mart oyida uy-joy bozoridagi faollikning yuqori bo‘lishi, asosan, apreldan boshlab joriy etilgan eskrou hisob-kitob tizimi bilan izohlandi.
Oy davomida respublika bo‘yicha uy-joy sotib olish yuzasidan 23,3 mingta bitim rasmiylashtirildi. Bu o‘tgan yilning aprel oyiga nisbatan 4,7 foizga kamdir. Shunga qaramay, yil boshidan buyon uy-joy oldi-sotdi bitimlari hajmi 125 mingtadan oshdi va bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan qariyb 34,8 foizga ko‘p demakdir.

Savdolar o‘sishining eng yuqori sur’atlari Sirdaryo viloyatida qayd etilib, joriy yilning yanvar-aprel oylarida bitimlar soni 50 foizga oshdi. Andijon viloyatida o‘sish 42 foizni, Toshkent shahrida esa yil boshidan buyon uy-joy savdosi 46 foizni tashkil etdi.
Uy-joy bozoridagi faollik qurilish hajmining oshishi bilan ham uzviy bog‘liq. 2025-yil yakunlariga ko‘ra, mamlakatda 15,9 million kvadrat metr uy-joy foydalanishga topshirildi, bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan 2,8 foiz yuqoridir.
Hududlar kesimida qurilish hajmi bo‘yicha farq saqlanib qolmoqda. Xususan, 2025-yilda Sirdaryo viloyatida 136,1 ming kvadrat metr uy-joy foydalanishga topshirilgan bo‘lsa, Andijon viloyatida bu ko‘rsatkich 1,33 million kvadrat metrni, Toshkent shahrida esa qariyb 1 million kvadrat metrni tashkil etdi. Eng yuqori qurilish hajmi Toshkent viloyatida kuzatilib, foydalanishga topshirilgan maydon qariyb 2 million kvadrat metrga yetdi. Joriy yil yakuniga qadar Sirdaryoda 3,5 mingta yangi xonadon, respublika bo‘yicha esa jami 140 mingta yangi turar joy foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.

Respublika bo‘yicha ikkilamchi uy-joy bozorida narxlar o‘tgan yilning mos davriga nisbatan o‘rtacha 8,5 foizga oshdi. Narxlar o‘sishining eng yuqori sur’atlari Sirdaryoda 20 foiz, Surxondaryoda 16,5 foiz va Buxoro viloyatida 16,3 foizni tashkil etdi.
Joriy yilning yanvar–aprel oylarida respublika bo‘yicha ikkilamchi bozorda narxlar o‘rtacha 2,9 foizga o‘sdi. Eng qimmat bozor hanuz Toshkent shahri bo‘lib, aprel oyida ikkilamchi uy-joyning o‘rtacha qiymati bir kvadrat metr uchun taxminan 1 150 dollarni tashkil etdi. Keyingi o‘rinlarda Samarqand viloyati qariyb 900 dollar va Toshkent viloyati 690 dollar bilan qayd etildi.
Toshkent shahrida ikkilamchi uy-joy narxlari mo‘’tadil o‘sayotgan bir paytda, birlamchi bozorda o‘sish sur’ati nisbatan yuqori. Yillik hisobda poytaxtning ikkilamchi bozorida bir kvadrat metrning o‘rtacha qiymati 6,1 foizga oshdi. Eng yuqori o‘sish Mirzo Ulug‘bek (9,2 foiz), Mirabod (9 foiz) va Chilonzor (8,3 foiz) tumanlarida kuzatildi.

Birlamchi uy-joy segmentida esa narxlar o‘tgan yilning apreliga nisbatan 8,8 foizga oshdi. Eng sezilarli o‘sish Yunusobod (17,3 foiz), Mirzo Ulug‘bek (16,8 foiz) va Bektemir (11,3 foiz) tumanlarida qayd etildi.
Poytaxtdagi ijara bozorida ham o‘sish tendensiyasi davom etmoqda. Aprel oyida Toshkent shahrida uy-joy ijarasining o‘rtacha qiymati bir kvadrat metr uchun taxminan 9,2 dollarni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 9,1 foiz yuqoridir. Ijara narxlarining eng yuqori darajasi Mirobod, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida (bir kvadrat metr uchun 11 dollar) saqlanib qolmoqda. Yillik hisobda ijara narxlarining eng yuqori o‘sish sur’atlari Yashnobod (18,2 foiz) va Bektemir (16,7 foiz) tumanlarida kuzatildi. Umuman olganda, Toshkent shahrida ijara bozori sotuv bozoriga nisbatan tezroq sur’atlar bilan rivojlanmoqda.
Mohigul Qosimova, O‘zA