Tibbiyotdagi ustuvor yo‘nalishlar muhokama qilindi
O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi doirasida “O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash tizimi transformatsiyasi” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Deputatlar, soha mutaxassislari, xususiy tibbiyot muassasalari rahbarlari va jamoatchilik vakillari ishtirok etgan tadbirda tibbiyot sohasidagi islohotlarning ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Tadbirda Prezidentimizning 2026-yil 5-maydagi xususiy tibbiyotni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan farmonining ahamiyatiga alohida to‘xtalib o‘tildi.

Qayd etilganidek, mazkur hujjatga muvofiq, 2030-yilga qadar xususiy sektorning tibbiy xizmatlar bozoridagi ulushini 30 foizga yetkazish, davlat-xususiy sheriklikni kengaytirish hamda hududlarda zamonaviy yuqori texnologik tibbiyot markazlarini tashkil etish vazifalari belgilangan.
Shuningdek, sohani rivojlantirish uchun 200 million AQSH dollari miqdorida imtiyozli kredit liniyasi ajratilishi, chekka hududlarda yangi klinikalar tashkil etish uchun 10 million dollargacha moliyaviy ko‘mak berilishi aholiga tibbiy xizmatlar sifatini yanada oshirishga xizmat qilishi qayd etildi.
Davra suhbatida O‘zLiDePning “Salomatlik sari” aksiyasi natijalari ham e’tirof etildi. Loyiha doirasida 20 mingdan ortiq fuqaro bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, minglab insonlarga davolanish bo‘yicha yo‘llanma va tavsiyalar berilgan.
Tadbir ishtirokchilari aholi uchun sifatli, zamonaviy va arzon tibbiy xizmatlar qamrovini kengaytirish, aholi salomatligini asrashga qaratilgan ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqdi.
Muhtarama Komilova, O‘zA