Suv ta’minoti korxonasi foydasiga 7,3 mlrd. so‘mdan ortiq qarzdorlik undirildi
Majburiy ijro byurosining Yakkasaroy tuman bo‘limi tomonidan olib borilgan majburiy ijro harakatlari natijasida davlat manfaatlari himoya qilinib, yirik miqdordagi qarzdorlik to‘liq undirildi.
Ma’lum qilinishicha, Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining ijro varaqasiga asosan qarzdor "P" korxonasidan undiruvchi "Toshkent shahar suv ta’minoti" AJ foydasiga jami 10 mlrd. 664 mln. 640 ming so‘m miqdorida yetkazilgan zararni undirish belgilangan.
Ijro hujjati MIBning Yakkasaroy tuman bo‘limi ish yurituviga kelib tushgach, qonunchilik talablariga muvofiq ijro ishi qo‘zg‘atilib, qarzdorga ixtiyoriy muddat berilgan hamda tegishli talabnomalar yuborilgan.
Shundan so‘ng davlat ijrochisi tomonidan qarzdor korxonaning mol-mulklarini aniqlash va xatlash bo‘yicha majburiy ijro choralari ko‘rilgan.
Olib borilgan tadbirlar natijasida korxona tomonidan 2026-yilning 3-iyun kuni qarzdorlikning qolgan qismi — 7 mlrd. 326 mln. 276 ming 168 so‘m to‘liq to‘lab berildi.
Natijada suv ta’minoti xizmatlari bo‘yicha yuzaga kelgan 7 milliard so‘mdan ortiq qarzdorlik to‘liq qoplanib, sud hujjati ijrosi amalda ta’minlandi hamda ijro ishi yakunlandi.
Hamroz Bayonov, O‘zA