Tibbiy sug‘urta: shifoxonalar yangi tartibda mablag‘ bilan ta’minlanadi
Mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimini tubdan isloh qilish, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini oshirish hamda byudjet mablag‘laridan manzilli va oqilona foydalanish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, tibbiy xizmatlarni moliyalashtirishning zamonaviy va xalqaro standartlarga mos mexanizmlarini joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bo‘stonliq tumanida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) va Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi hamkorligida shifoxonalarni moliyalashtirishning yangi tizimiga bag‘ishlangan xalqaro seminar o‘z ishini boshladi.
Seminarning asosiy kun tartibidan klinik-xarajat guruhlari (DRG — Diagnosis-Related Groups) asosida to‘lov tizimini ishlab chiqish va amaliyotga bosqichma-bosqich joriy etish masalalari o‘rin olgan.
Ma’lumki, an’anaviy moliyalashtirish tizimi ko‘pincha muassasaning o‘tgan davrdagi xarajatlari yoki o‘rinlar sonidan kelib chiqqan holda shakllanar edi. Klinik-xarajat guruhlari (DRG) tizimi esa butunlay boshqacha yondashuvni talab qiladi. Unga ko‘ra, shifoxonaga davlat tomonidan to‘lanadigan mablag‘ bemorning aniq tashxisi, davolanish jarayonining og‘irlik darajasi, holati va ko‘rsatilgan tibbiy yordamning real xususiyatlaridan kelib chiqqan holda belgilanadi. Bu esa sog‘liqni saqlash tizimida shaffoflikni oshirish, mablag‘larning aynan bemor manfaatlari va muolaja sifatiga yo‘naltirilishini ta’minlashga xizmat qiladi.
Tadbir davomida xorijlik ekspertlar tomonidan ilg‘or xorijiy davlatlar amaliyotidagi DRG tizimini joriy etish bosqichlari, uchraydigan qiyinchiliklar va ularni bartaraf etish yo‘llari yuzasidan batafsil taqdimot qilinmoqda. Shuningdek, mahalliy mutaxassislar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olib, tibbiyot muassasalarida hisob-kitob va ma’lumotlarni raqamlashtirish masalalarini muhokama qilmoqda.
Mazkur seminar-trening joriy yilning 17-oktabriga qadar davom etadi. Uning yakunlari bo‘yicha tibbiyotni moliyalashtirishning yangi mexanizmini sinovdan o‘tkazish va amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha kelgusi vazifalar belgilab olinadi.
Mohigul Qosimova,
O‘zA