"The Guardian": Isroil qadimiy "Sulaymon hovuzlari"ni nazoratga olishga urinmoqda
“The Guardian” nashrining xabar berishicha, Isroil G‘arbiy sohil ustidan nazoratni to‘liq qo‘lga kiritish maqsadida Baytilahm shahri yaqinida joylashgan qadimiy “Sulaymon hovuzlari” kichik suv omborini egallashga urinmoqda.
Joriy yilning may oyida Isroil moliya vaziri Betsalel Smotrich ushbu hudud ustidan falastinliklarning egaligini belgilovchi 30 yillik kelishuvlarni bekor qilishini e’lon qilganidan so‘ng, ushbu joyda Isroil harbiylari va ko‘chmanchilarining harakati faollashdi.
Ta’kidlanishicha, 1995-yildagi Oslo shartnomasiga ko‘ra, bu maskan Falastin ma’muriyati nazorati ostidagi va daxlsiz hisoblangan “A” zonasiga tegishlidir. Isroil moliya vaziri esa buni o‘sha paytdagi “dahshatli xato” deb atamoqda.
Ekspertlar fikricha, hovuzlarning tortib olinishi xalqaro kelishuvlarni butunlay barbod qiladi. Miloddan avvalgi II asrga oid bo‘lgan ushbu qadimiy hovuzlar tizimi dastlab rimliklar tomonidan Quddusni suv bilan ta’minlash uchun barpo etilgan bo‘lib, keyinchalik Usmoniylar va inglizlar tomonidan kengaytirilgan.
Ayni paytda bu joy Isroil aholi punktlari qurshovida qolgan Baytilahm ahli uchun cho‘milish, baliq ovlash va dam olish imkonini beruvchi yagona maskan hisoblanadi. Isroil tomoni ushbu majmuani “yahudiylar merosi” deb da’vo qilib, uning nomini shoh Sulaymon bilan bog‘lashga urinmoqda. Biroq arxeologlar bu da’voni rad etishdi, chunki shoh Sulaymon hovuzlar qurilishidan 800 yil avval yashab o‘tgan.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA