Shimoliy Koreya raketa sinovini o‘tkazdi
AQSH Prezidenti Donald Tramp va Xitoy yetakchisi Si Szinpinning Vashingtonda kutilayotgan muhim uchrashuvi oldidan Pxenyan navbatdagi harbiy namoyishni amalga oshirdi. Yakshanba kuni Shimoliy Koreya Vonsan hududidan Yapon dengizi tomon uch soatlik farq bilan ikki marta qisqa masofali ballistik raketa uchirdi.
Janubiy Koreya Qurolli kuchlari Bosh shtabi xabariga ko‘ra, soat 15:00 atrofida samoga ko‘tarilgan birinchi raketa qariyb 450, soat 17:50 da uchirilgan ikkinchisi esa 600 kilometrdan ortiq masofani bosib o‘tgan.
Mazkur voqea Seul, Vashington va Tokio razvedka xizmatlari tomonidan dastlabki bosqichdanoq kuzatib borildi va o‘zaro ma’lumot almashildi. Janubiy Koreya Milliy xavfsizlik idorasi shoshilinch yig‘ilish o‘tkazib, mamlakat xavfsizligiga solingan tahdidni baholadi va Pxenyanni BMT Xavfsizlik kengashi rezolyutsiyalarini buzishni zudlik bilan to‘xtatishga chaqirdi.
Tahlilchilar fikricha, navbatdagi sinov bo‘lajak AQSH – Xitoy sammitida Shimoliy Koreyaning yadroviy va harbiy dasturi e’tibor markazida bo‘lishini ta’minlashga qaratilgan. Qolaversa, AQSH, Janubiy Koreya va Yaponiya tomonidan mintaqada o‘tkazilgan “Pacific Vanguard”, “Ulchi Freedom Shield” va “Freedom Edge” qo‘shma harbiy mashg‘ulotlariga javob hisoblanadi.
Avvalroq Kim Chen Inning singlisi Kim Yo Chjon bunday mashg‘ulotni “bosqinchilik mashqi” deb atab, AQSH va ittifoqchilarga nisbatan yanada keskin javob chorasi ko‘rilishidan ogohlantirgan edi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, sinovda “Hwasong-11” seriyali ballistik raketa va 600 millimetrli o‘ta yirik reaktiv tizimdan foydalanilgan.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA