“TextileExpo Uzbekistan” mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda
Bugun “O‘zekspomarkaz” milliy ko‘rgazmalar majmuasida “To‘qimachilik va tikuvchilik sanoati - TextileExpo Uzbekistan 2026” 26-xalqaro ko‘rgazmasi ochildi.
Ko‘rgazmaning tantanali ochilishida “Iteca Exhibitions” xalqaro ko‘rgazmalar kompaniyasi bosh direktori Nigora Hasanova va Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi boshqarma boshlig‘i Isfandiyor G‘afforov mamlakatimiz to‘qimachilik va tikuvchilik sanoati rivoji yo‘lida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar o‘zining ijobiy natijalarini berayotganini ta’kidladi.
Qayd etilganidek, sohaning uzoq yillik an’analari ishlab chiqarish jarayonlariga zamonaviy texnologiyalar va innovatsiyalarni joriy etish, xorijiy ishlab chiqaruvchilarning ilg‘or tajribalaridan samarali foydalanish hamda yetkazib berish geografiyasini kengaytirish uchun jahon bozorlarida maqsadli marketing ishlarini olib borish asosida yanada mustahkamlanmoqda.
“Iteca Exhibitions” xalqaro ko‘rgazmalar kompaniyasi va uning hamkori “ICA Eurasia Group” hamkorligida tashkil etilgan mazkur ko‘rgazmada Rossiya, Turkiya, Xitoy, O‘zbekiston va Qozog‘istondan 170 dan ortiq kompaniya va brendlar ishtirok etmoqda. Shuningdek, yaqin va uzoq xorijning 15 ta mamlakatidan 400 dan ortiq bayerlar qatnashmoqda.
“Iteca Exhibitions” xalqaro ko‘rgazmalar kompaniyasi bosh direktori Nigora Hasanovaning ta’kidlashicha, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning raqobatbardoshligi, mahsulot sifati va ishlab chiqarish salohiyati ortib bormoqda.
– Shu nuqtai nazardan, “TextileExpo Uzbekistan” mahsulotlarni targ‘ib qilish, biznes aloqalarini kengaytirish va eksport imkoniyatlarini rivojlantirish uchun samarali platforma bo‘lib xizmat qiladi. 2004-yilda tashkil etilgan “TextileExpo Uzbekistan” ko‘rgazmasi dastlabki yillaridanoq mahalliy to‘qimachilik hamjamiyatining eksport salohiyatini ochishga qaratilgan muhim maydonga aylangan. Bugungi kunda ushbu ko‘rgazma o‘nlab mamlakatlardan ishlab chiqaruvchilar, xaridorlar, chakana savdo vakillari hamda distribyutorlarni birlashtirgan nufuzli biznes platformasi hisoblanadi. Bu yerda samarali biznes aloqalari o‘rnatiladi, ta’minot bo‘yicha muzokaralar olib boriladi, yangi kolleksiyalar taqdim etiladi va ishlab chiqarish imkoniyatlari muhokama qilinadi.
Shuningdek, ko‘plab xalqaro mutaxassislar uchun ko‘rgazma O‘zbekiston fabrikalari bilan bevosita hamkorlik qilish va mintaqadagi yangi yetkazib beruvchilarni kashf etish imkoniyatini yaratadi. Natijada ko‘rgazma oddiy taqdimot formati doirasidan chiqib, eksport yetkazib berishni rivojlantirish va o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilarning savdo geografiyasini kengaytirishga xizmat qiluvchi to‘laqonli amaliy mexanizmga aylanmoqda, – dedi N.Hasanova.
E’tiborli jihati, bu yil “Fazo Group”, “Kogon Nur Textile”, “Proftextile”, “Premier Textile”, “Nisa Future” kabi 20 dan ortiq mahalliy kompaniyalar ilk bor o‘z imkoniyatlarini namoyish etyapti.
[gallery-29376]
“Fazo Group” kompaniyasi marketing mutaxassisi Svetlana Smirnovaning so‘zlariga ko‘ra, mazkur korxona O‘zbekistondagi to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchi yetakchi korxonalardan biri hisoblanadi. U 2000-yildan buyon to‘qimachilik sohasida faoliyat yuritadi.
– Ko‘p yillik tajriba korxonaga buyurtmachilar talablarini samarali bajarish hamda yuqori sifatli mahsulot ishlab chiqarish imkonini bermoqda. “Fazo Group” ichki va tashqi bozorlarda sotuv hajmi bo‘yicha yetakchi o‘rinlarni egallaydi. Bu esa korxonaning yuqori ishlab chiqarish salohiyati, mahsulot sifati va keng turdagi assortimentga ega ekanidan dalolat beradi. Kompaniya iste’molchilarga trikotaj mahsulotlari, sport kiyimlari, shuningdek, bolalar va o‘smirlar kiyimlarining keng turini taklif etadi.
Muhimi, biz xaridorlarga sifatli, qulay va zamonaviy mahsulotlarni taklif etishga intilamiz. Bugungi ko‘rgazma biz uchun katta imkoniyatdir, – dedi Svetlana Smirnova.
Eslatib o‘tamiz, uch kun davom etadigan ko‘rgazma ekspozitsiyasi xomashyodan tortib tayyor mahsulotlar va aksessuarlargacha bo‘lgan keng assortimentni o‘z ichiga oladi.
Nasiba Ziyodullayeva,
Sarvar O‘rmonov (surat), O‘zA