Beshinchi xalqaro asal festivali bo‘lib o‘tmoqda
Yangi O‘zbekistonning kichik biznes, tadbirkorlik va sanoat markaziga aylangan Namanganda keyingi yillarda turizm, madaniyat, sanoat, chorvachilik yo‘nalishlarida xalqaro darajadagi tadbirlar ko‘tarinki ruhda o‘tkazilmoqda.
Ayni kunlarda Namangan shahrining Davlatobod tumanidagi “Afsonalar vodiysi” tematik bog‘ida tashkillangan V Xalqaro asal festivali minglab sayyohlarni o‘ziga birdek rom etmoqda.

Festivalning tantanali ochilish marosimida ta’kidlanganidek, bugungi kunda yurtimizda asalarichilik borasida yetakchilardan biri Namangan viloyatida asal yetishtirishni yanada rivojlantirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash va eksport imkoniyatlarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Nufuzli tadbirda yurtimizning ko‘plab hududlari, shuningdek, Qirg‘iz Respublikasi, Qozog‘iston, Tojikiston hamda Rossiya Federatsiyasidan tashrif buyurgan 200 dan ortiq mahalliy va xorijiy asalarichi-tadbirkorlar, soha mutaxassislari savdo ko‘rgazmalari bilan qatnashmoqda. Bu galgi ko‘rgazmada avvalgilardan farqli o‘laroq, jami 35 tonna asal va asalarichilik mahsulotlari namoyish etilyapti. Bu o‘z navbatida mehmonlarga turli navdagi tabiiy asal mahsulotlari bilan tanishish, ularni tatib ko‘rish hamda bevosita ishlab chiqaruvchilardan xarid qilish imkoniyatini beradi.

Darvoqe, asal bayramining xorijiy mehmonlari qatorida Ozarbayjon Respubliksidan kelgan “I'm honey” kompaniyasi asoschisi va bosh direktori Ferahi Og‘uzxon ham ishtirok etmoqda. Qardosh yurt ishbilarmoni Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov bilan muloqotda mahalliy asal mahsulotlarini Ozarbayjon va Saudiya Arabistoni bozorlariga eksport qilish imkoniyatlariga qiziqish bildirdi.

Festival davomida mahalliy va xorijiy asalarichilar o‘rtasida tajriba almashish, ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirish, mahsulotlarni tashqi bozorlarga olib chiqish imkoniyatlarini kengaytirishga ham alohida e’tibor qaratilayotir.

– O‘ttiz besh yildan beri asalarichilik bilan shug‘ullanaman. Bunday yirik ko‘lamdagi tadbirda ilk bor ishtirok etishim. Namangandagi Xalqaro asal festivalida o‘zimiz uchun ko‘p narsalarni olyapmiz, – deydi Qirg‘iz Respublikasining Jalolobod viloyatidan kelgan asalchi To‘ychiboy Sairov. – Ilk bor qatnashayotganimizni e’tiborga olib, Suzaq tumani qishlog‘idagi tog‘larda boqilayotgan 200 dan ziyod asalaridan olingan “Mayskiy”, “Kachka” nomli 120 kilogramm vazndagi asallarimizni olib keldik. Biz, ayniqsa, O‘zbekistonda bu shifobaxsh ne’matning qadriga yetuvchi ixlosmandlar ko‘p ekanligidan xursand bo‘ldik. Kelgusida asallarimiz miqdorini oshirgan holda tashrif buyurishni rejalashtirdik.

E’tiborlisi shundaki, festivalda faqatgina asalning o‘zi bilan cheklanib qolmasdan Namanganning gastronomik turizm salohiyatini ko‘rsatuvchi milliy taomlar tanlovi hamda hunarmandchilik yarmarkasi, sportchilarning ko‘rgazmali chiqishlari, milliy liboslar ko‘rgazmasi, xalq amaliy san’ati namoyishi kabi bir qator madaniy-ko‘ngilochar tadbirlar, taniqli estrada xonandalari ishtirokidagi konsert dasturlari uyushtirilmoqda.

Qolaversa, Namangan viloyatining shirinlik mahsulotlari ishlab chiqaruvchi mahalliy brendlari ham o‘z mahsulotlari ko‘rgazmasi va taqdimotlari bilan ishtirok etishmoqda. Bu orqali hududda ishlab chiqarilayotgan milliy qandolatchilik mahsulotlari va mahalliy brendlarni keng jamoatchilik hamda xorijiy mehmonlarga tanishtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Shuningdek, festivalda yoshlar banki sifatida yigit-qizlarni tadbirkorlik va hunarmandchilikka jalb etishga yaqindan ko‘maklashayotgan “Aloqabank” Namangan filiali tomonidan yosh tadbirkorlik sub’ektlari uchun asalarichilikni rivojlantirish maqsadida bir qator imtiyozli kreditlardan samarali foydalanish taklif etilmoqda. Shuni qayd etish joizki, mazkur moliyaviy ko‘mak asalari uylarini sotib olish va jihozlash; asalarilar (ari oilasi)ni xarid qilish; asal va asal mahsulotlarini ishlab chiqarish; qayta ishlash va qadoqlash uskunlari hamda boshqa zarur aylanma mablag‘larni olish uchun asqotishi shubhasiz.

Bir so‘z bilan aytganda, mazkur festival asalarichilik tarmog‘ini rivojlantirish, asal mahsulotlarini xalqaro bozorlarda targ‘ib qilish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash hamda asosiysi, Namangan viloyatining turistik, iqtisodiy va gastronomik salohiyatini keng targ‘ib etishga qaratilgan.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri