Texnologiya va geosiyosat kesishgan nuqta: sun’iy intellekt va global hukmronlik
XXI asrda global hukmronlik uchun kurash yangi bosqichga ko‘tarildi. Avval davlatlar harbiy qudrat, iqtisodiy salohiyat yoki tabiiy resurslar orqali ustunlikka erishgan. Endi esa raqobat maydoniga texnologiya, ayniqsa sun’iy intellekt chiqmoqda. Sun’iy intellekt (AI) nafaqat innovatsion taraqqiyotning asosiy drayveri, geosiyosiy ta’sirni belgilaydigan strategik omilga aylandi.
So‘nggi yillarda qudratli davlatlar – AQSH, Xitoy va Yevropa Ittifoqi tarkibidagi qator mamlakatlar sun’iy intellekt sohasida yetakchilik uchun keng ko‘lamli reja tuzmoqda. Xalqaro tahlil markazlari va ekspertlar ta’kidlashicha, sun’iy intellekt texnologiyasini nazorat qilganlar global iqtisodiy va siyosiy jarayonga ta’sir o‘tkazish imkoniga ega bo‘ladi. Demak, AI faqat texnologik innovatsiya emas, balki geosiyosiy resurs sifatida baholanmoqda.
Sun’iy intellekt harbiy sohada qo‘llanishi mazkur raqobatni yanada keskinlashtirmoqda. Aqlli qurilmalardan alohida qurollar tizimi, dron, kiber amaliyot yoki razvedka jarayonida foydalanish davlatlarga an’anaviy harbiy ustunlikdan tashqari yana ko‘plab imkoniyatlar yaratadi.
Mutaxassislar fikricha, kelajakda mojarolar “aqlli texnologiya urushi” shaklida namoyon bo‘lishi mumkin. Bu xalqaro xavfsizlik tizimida mutlaqo yangi chaqiriqni yuzaga keltirmoqda.
SI iqtisodiy raqobatning ham asosiy vositasiga aylanmoqda. Hadsiz ma’lumot (big data), algoritm va avtomatlashtirish orqali ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, moliyaviy bozorni boshqarish va yangi raqamli platforma shakllantirish imkoniyati davlatlar iqtisodiy qudratini belgilashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Masalan, o‘ta jadal rivojlanayotgan Xitoy raqamli iqtisodiyoti va AQSH texnologiya gigantlari o‘rtasidagi raqobat global bozorda yangi kuchlar muvozanatini hosil qilgan.
Bundan tashqari SI axborot makonidagi ta’sir doirasini ham kengaytirmoqda. Ijtimoiy tarmoq, algoritmik tavsiya tizimi va raqamli kontent orqali jamoatchilik fikrini shakllantirish muhim siyosiy vositaga aylandi. Ayrim yurtlar axborot urushi, noxolis axborot va ruhiy ta’sir usullari orqali SIdan foydalanib o‘z geosiyosiy manfaatini ilgari surmoqda. Natijada demokratiya, axborot xavfsizligi va jamoatchilik ongiga ta’sir ko‘rsatish masalalari yanada dolzarb tus olyapti.
Ekspertlar ta’kidlashicha, sun’iy intellekt ustidan nazorat XXI asrda global hukmronlikning yangi shaklini belgilaydi. Bu jarayon texnologik sovuq urush, deb atalyapti, chunki davlatlar aro raqobat ochiq harbiy to‘qnashuvdan ko‘ra, ko‘proq texnologiya, innovatsiya va ma’lumot ustidan nazorat uchun kechmoqda.
Shu nuqtai nazardan SI rivoji davlatlar tashqi siyosati ustuvorligini qayta shakllantirmoqda. Ayrim mamlakatlar texnologiya mustaqilligiga erishishni strategik maqsad sifatida belgilamoqda, boshqalari esa xalqaro hamkorlik orqali innovatsiya ekotizimini rivojlantirishga urinmoqda. Binobarin, ayni jarayondagi texnologiyani egallash imkoniyati nomutanosibligi global tengsizlikni yanada kuchaytirishi mumkin.
SI sohasidagi standart va qoida uchun kurash ham geosiyosiy raqobatning muhim yo‘nalishiga aylandi. Ya’ni, AI etikasi, ma’lumot muhofazasi va texnologiyadan foydalanish qoidasini belgilaydigan davlat yoki tuzilma global raqamli tartibni shakllantirishda ustunlikka ega bo‘ladi. Bu xalqaro huquq va boshqaruv tizimida yangi muammolarni keltirib chiqarmoqda.
Xullas, zamonaviy geosiyosatning asosiy unsurlaridan biriga aylanib ulgurgan sun’iy intellekt nafaqat texnologiya taraqqiyoti, balki global kuchlar muvozanati va hukmronlik uchun kurash shartini ham belgilamoqda.
SI atrofidagi raqobatning yana bir muhim jihati ma’lumotni nazorat qilish masalasidir: AI tizimi samaradorligi, avvalo, o‘qitish uchun zarur ulkan hajmli axborotga bog‘liq. Shu bois davlatlar va texnologiya korporatsiyalari ma’lumotni to‘plash, saqlash va qayta ishlash infratuzilmasini kengaytirishga alohida e’tibor qaratmoqda.
Mutaxassislar fikricha, ko‘proq va sifatli ma’lumotga ega tomon texnologiya ustunligiga erishadi. Shu tariqa ma’lumotni strategik resurs sifatida baholash tendensiyasi kuchaymoqda.
Ayni payt raqamli suverenitet tushunchasi ham tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Ko‘plab davlatlar muayyan ma’lumotni xorijiy platformalardan himoya qilish, milliy server va mahalliy raqamli ekologiya tizimini rivojlantirish orqali texnologiya mustaqilligiga intilayotgani kuzatilmoqda. Bu jarayon bir tomondan xavfsizlikni ta’minlashga xizmat qiladi, ikkinchi tomondan global internet makoni fragmentatsiyasi, ya’ni “raqamli devor” paydo qiladi. Natijada, yagona global raqamli muhit o‘rniga bir-biri bilan raqobatlashuvchi texnologiya guruhi shakllanishi ehtimoli ortadi.
SI sohasidagi raqobatda xususiy sektorning ahamiyati ham ortmoqda. Yirik texnologiya kompaniyalari, ayniqsa AQSH va Xitoyda joylashgan korporatsiyalar innovatsiya, investitsiya va ilmiy tadqiqot orqali tashqi siyosatga bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda. Ayrim holatlarda muayyan jamoaning moliyaviy va texnologik imkoniyati, hatto, ayrim davlatlar salohiyatidan ham ustun kelmoqda. Natijada texnologiya gigantlari geosiyosiy jarayonda mustaqil kuch sifatida namoyon bo‘lyapti.
Ekspertlar e’tibor qaratayotgan yana bir jihat – sun’iy intellekt rivojining ijtimoiy-siyosiy oqibati: avtomatlashtirish va robotlashtirish mehnat bozorini tubdan o‘zgartiryapti. Bu esa ba’zio‘lkalarda ishsizlik, ijtimoiy tengsizlik va siyosiy beqarorlik xavfini oshirishi mumkin. Shu nuqtai nazardan AI nafaqat tashqi siyosat, balki ichki barqarorlikka ham ta’sir ko‘rsatuvchi omilga aylanyapti. Davlatlar bu jarayonni boshqarish uchun yangi ijtimoiy siyosat mexanizm ishlab chiqishga majbur bo‘lmoqda.
Bundan tashqari sun’iy intellektning axloqiy va huquqiy jihati ham xalqaro miqyosda jiddiy bahs-munozara keltirib chiqaryapti. Avtonom quroldan foydalanish, shaxsiy ma’lumot himoyasi, algoritmdagi diskriminatsiya kabi muammolar global qoida va standart ishlab chiqishni taqozo qilyapti. Mamlakatlar o‘rtasida ishonch yetishmasligi, raqobat kuchliligi esa bu borada umumiy kelishuvga erishishni qiyinlashtirmoqda.
Shu o‘rinda rivojlanayotgan davlatlar uchun yangi imkoniyat bilan birga xavf tahdidi yuzaga kelayotganiga ham e’tibor qaratish zarur. Bir tomondan SI texnologiyasi iqtisodiy o‘sishni tezlashtiradi, davlat boshqaruvi samaradorligini ta’minlaydi, ta’lim, tibbiyot sohalariga innovatsiya joriy etish imkonini beradi. Ikkinchi tomondan esa texnologik qaramlik, intellektual resurs oqimi va raqamli infratuzilma yetishmovchiligi biror tomonni global raqobatda ortga surishi mumkin. Shu bois muayyan davlatlar uchun muvozanatli strategiya ishlab chiqish masalasi hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Xulosa o‘rnida ta’kidlash joiz, SI XXI asrda global hukmronlik uchun kurash maydoniga aylandi. Shu orqali mamlakatlar iqtisodiy ustunlikka erishish, siyosiy ta’sirni kengaytirish va xavfsizlikni ta’minlashga intilmoqda. Afsuski, bu jarayon yangi xavf-xatarlarni ham yuzaga chiqarmoqda. Shuning uchun kelajakda sun’iy intellektdan foydalanish faqat raqobat emas, balki mas’uliyat va hamkorlik tamoyili asosida boshqarilishi shart. Aks holda texnologiya insoniyat taraqqiyoti uchun imkoniyat emas, balki yangi ziddiyatlar manbaiga aylanishi ehtimoli mavjud.
Musulmon Ziyo, O‘zA