Sirdaryoda “InfoTeach — 2026” forumi o‘tkazildi
Guliston shahridagi Yoshlar markazi binosida informatika fani o‘qituvchilarining yangi texnologiyalar va sun’iy intellekt bo‘yicha ko‘nikmalarini oshirish, raqamli ta’lim platformalari, dasturlash asoslari, kiberxavfsizlik, sun’iy intellekt elementlari hamda loyiha asosida o‘qitish metodikalari bo‘yicha nazariy va amaliy tajribasini boyitish maqsadida “InfoTeach — 2026” forumi o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Raqamli ta’limni rivojlantirish markazi hamda Sirdaryo viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etilgan mazkur forumda 320 dan ortiq pedagoglar ishtirok etishdi. Ular tadbir davomida nafaqat yangi bilimlar bilan tanishdilar, balki ularni amaliyotga joriy etish bo‘yicha aniq ko‘nikmalarni ham egallashdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, “InfoTeach — 2026” kabi forumlar respublika miqyosida informatika o‘qituvchilarining zamonaviy texnologiyalar va sun’iy intellekt sohasidagi kompetensiyalarini oshirishga qaratilgan tizimli ishlar doirasida tashkil etilmoqda. Bu esa mazkur tadbirning strategik ahamiyatini yanada kuchaytiradi.

Forum doirasida raqamli ta’lim platformalari, dasturlash asoslari, kiberxavfsizlik, sun’iy intellekt elementlari va loyiha asosida o‘qitish metodikalari bo‘yicha nazariy hamda amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Xususan, ishtirokchilar interaktiv testlar yaratish, Python dasturlash tili asoslari va innovatsion pedagogik texnologiyalarni qo‘llash bo‘yicha amaliy tajriba orttirdilar.

Tadbir ishtirokchilari uchun forum bilim almashish maydonigina emas, balki ilhom va yangi g‘oyalar manbai sifatida ham xizmat qildi. O‘qituvchilar o‘z hududlariga qaytar ekan, zamonaviy yondashuvlar asosida ta’lim jarayonini takomillashtirishga tayyor ekanliklarini ta’kidladilar.
Forum yakunida AKT ni raqamlashtirish va sun’iy intellektni rivojlantirish boshqarmasi bosh mutaxassisi Kozim O‘roqov ishtirokchilar va tashkilotchilarga minnatdorlik bildirib, bunday tashabbuslar o‘qituvchilarning kasbiy salohiyatini oshirishda muhim o‘rin tutishini qayd etdi.
Shu tariqa, “InfoTeach — 2026” forumi Sirdaryo viloyatida informatika ta’limini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, raqamli ta’lim muhitini izchil shakllantirish va zamonaviy bilim hamda ko‘nikmalarga ega pedagoglar salohiyatini mustahkamlashga xizmat qiladigan muhim maydon sifatida namoyon bo‘ldi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri