Texnik jihatdan tartibga solish tizimi takomillashtiriladi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida bir qator masalalar muhokama qilindi.
Yig‘ilish avvalida fraksiya rahbari Abdushukur Hamzayev Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev gidroenergetika sohasini rivojlantirishga bag‘ishlangan taqdimot bilan tanishib, rejalarning sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirilishi yuzasidan aniq topshiriqlar bergani, bu ishlarning ham iqtisodiy, ham ekologik foydalari to‘g‘risida so‘z yuritdi.
– O‘zbekistonda 150 ming kilometrdan ortiq daryo, soy va kanallar mavjud bo‘lib, ular ichimlik suvi va sug‘orishdan tashqari, energetika, iqtisodiyot hamda ekologiya uchun ham strategik ahamiyat kasb etadi. Shu bois, mazkur yo‘nalishni kengaytirish energiya tizimi barqarorligini ta’minlashda muhim o‘rin tutadi, – dedi A.Hamzayev.
Shundan so‘ng texnik jihatdan tartibga solish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, qonun loyihasi bilan texnik jihatdan tartibga solishning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish, sohadagi ortiqcha ma’muriy tartib-taomillar hamda eskirgan tartibga solish mexanizmlarini bartaraf etish, ularni xalqaro standartlar talablari bilan uyg‘unlashtirish nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, “Metrologiya to‘g‘risida”gi, “Standartlashtirish to‘g‘risida”gi, “Texnik jihatdan tartibga solish to‘g‘risida”gi hamda “Muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiya qilish to‘g‘risida”gi qonunlarga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilib, milliy sifat infratuzilmasini ilg‘or xorijiy tajriba asosida kompleks rivojlantirish ko‘zda tutilmoqda.
Muhokamalarda fraksiya a’zolari qonun loyihasining qabul qilinishi texnik jihatdan tartibga solish, metrologiya va muvofiqlikni baholash sohalarida manfaatlar to‘qnashuvining oldini olishga, milliy qonunchilikni xalqaro standartlarga muvofiqlashtirishga xizmat qilishini alohida ta’kidladi.
M.Komilova, O‘zA