Termizning mashhur “afg‘on shamoli” janubdan chekinadi
Sayyoramizda iqlim o‘zgarishi, qurg‘oqchilik va daraxt ihotazorlarining kamayib ketgani shamol eroziyasini yuzaga keltirib, tuproq unumdorligiga, inson salomatiga salbiy ta’sir etayotgani jiddiy muammoga aylanib bormoqda. Mamlakatimizda bu holatning oldini olib, ekologik vaziyatni barqarorlashtirishga davlat darajasida e’tibor qaratilmoqda.
Surxondaryo viloyatida ham “afg‘on shamoli” nomi bilan tanilgan kuchli chang bo‘ronlari tuproqning unumdor qatlamini ko‘chirib, dehqonchilikka zarar yetkazayotgan, qum barxanlarini hosil qilib, tevarak-atrof va aholi salomatligiga o‘z ta’sirini o‘tkazayotgan edi.
Vazirlar Mahkamasining joriy yil 31-martdagi “Surxondaryo va Sirdaryo viloyatlarida shamol eroziyasining salbiy ta’sirini kamaytirish va ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori bu muammoning yechimini topishning eng maqbul yo‘llarini belgilab berdi.
Qarorga muvofiq endilikda ihota daraxtzorlari barpo etilib, shamol tezligini kamaytirish va tuproqni ko‘chishdan saqlash uchun maxsus himoya polosalari yaratiladigan bo‘ldi. Monitoring tizimi kuchaytirilib, ekologik o‘zgarishlarni baholashda davlat kosmik monitoringi ma’lumotlaridan faol foydalanish yo‘lga qo‘yilmoqda. Eroziyaga qarshi kurashish uchun yerlarni qayta ishlashning zamonaviy va tejamkor agrotexnik usullarini joriy etish belgilab olindi.

Mutaxassislarning aytishicha, ayni paytda qaror ijrosini ta’minlab, shamol tezligini kamaytirish, ekologik vaziyatni barqarorlashtirish uchun viloyatning Angor, Jarqo‘rg‘on, Muzrabot, Qiziriq, Termiz tumanlari va Termiz shahrida ihota daraxtzorlari hamda “yashil belbog‘”lar barpo etish yuzasidan tegishli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, Angor tumanining M39 xalqaro magistral avtomobil yo‘li bo‘yidagi 102 gektar yer maydoniga 261 ming tup va “Qoraqir” dahasi hududidagi 108 gektar yer maydoniga viloyatdagi 6 ta davlat o‘rmon xo‘jaliklari 270 ming tup, Termiz tumani “Kattaqum” dahasida viloyat, tuman va shahar hokimliklari tashabbusi bilan 82 gektar yer maydonida 218 ming tup daraxt ko‘chatlari ekilib, “yashil belbog‘” barpo etilmoqda. Yangiobod mahallasi hududidagi 31 gektar yer maydonda 12,7 ming tup eldor qarag‘ay ko‘chatlari ekildi.

Yashil boyliklarni o‘z vaqtida sug‘orib, undirib olish va parvarishlash uchun tomchilatib sug‘orish texnologiyasi joriy etilib, bitta suv qudug‘i qazildi. Transformator o‘rnatilib, elektr energiyasi bilan ta’minlandi. Har biri 50 ming kub sig‘imga ega to‘rtta suv havzasi qurilib, tomchilatib sug‘orish yo‘lga qo‘yildi.
Yirik mablag‘ va mehnat evaziga viloyatda tevarak-atrofning aniq reja va maqsad asosida ko‘kalamzorlashtirilayotgani iqlimni yumshatadigan tabiiy to‘siq, shamol va changdan himoyalaydigan “yashil qalqon” vazifasini o‘taydi. Shamol tezligini to‘sib, odamlarning asriy orzularini ushaltiradi. Bu jarayonda hududning iqlim sharoitiga mos eldor qarag‘ayi, virgin archa, tuya, tut va katalpa singari manzarali daraxt ko‘chatlarini o‘tqazishga alohida ahamiyat berilmoqda. Vohada kuchli shamollar ta’sirida chang-to‘zonlari ko‘tarilishining oldini olishga xizmat qiladigan loyiha doirasidagi ishlar davom etmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri