"Terakzor"liklarning orzusi ushaldi
Yillar davomida yomg‘irli kunlarda loy, yoz faslida esa chang tufayli mahalla ahlini qiynab kelgan ichki yo‘llar muammosi o‘z yechimini topdi. Guliston tumanining "Terakzor" mahallasida "Tashabbusli byudjet" dasturi doirasida 2,3 kilometrdan ortiq ichki yo‘lga zamonaviy asfalt qoplamasi yotqizildi.
Mazkur loyiha "Tashabbusli byudjet"ning 2026-yil birinchi mavsumida mahalla aholisi tashabbusi bilan ilgari surildi. Fuqarolarning faolligi va birdamligi natijasida u 5 ming 562 ta ovoz to‘plab, Sirdaryo viloyatida eng ko‘p qo‘llab-quvvatlangan loyihalardan biri sifatida g‘olib deb topildi.
Loyiha doirasida "Ulugbek Yangier qurilish" MCHJ tomonidan umumiy qiymati 1 milliard 556 million so‘mlik qurilish ishlari amalga oshirildi. Xususan, Fayzli ko‘chasining 1 ming 450 metr va Mardlik ko‘chasining 854 metr qismiga asfalt qoplamasi yotqizilib, mahallada jami 2,3 kilometrdan ortiq ichki yo‘l yangilandi.

E’tiborlisi, yangi yo‘llar nafaqat transport harakati uchun qulaylik yaratdi, balki tez tibbiy yordam, yong‘in-qutqaruv hamda boshqa tezkor xizmatlarning mahallaga yetib borish imkoniyatini ham yaxshiladi. Shuningdek, maktabga qatnovchi o‘quvchilar, keksalar va barcha aholi uchun xavfsiz hamda qulay harakatlanish sharoiti yaratildi.

Qurilish ishlari belgilangan texnik talablar va sifat standartlari asosida bajarildi. Ishlar jarayoni bilan tanishish maqsadida Guliston tumani hokimi Olimjon Jo‘rayev mahallada bo‘lib, qurilish sifati va loyihaning o‘z vaqtida yakunlanishi yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar bergandi.

Eng muhimi, mazkur loyiha "Tashabbusli byudjet" dasturining samaradorligini yana bir bor namoyon etdi. Mahalla aholisi tomonidan ilgari surilgan tashabbus, ularning birdamligi va faol ishtiroki natijasida yillar davomida yechimini kutayotgan muammo bartaraf etildi. Kechagina orzu bo‘lib ko‘ringan ravon yo‘llar bugun "Terakzor" mahallasi aholisi uchun haqiqatga aylandi.

— Bu nafaqat yangi yo‘l, balki mahalla ahlining birdamligi va faolligining amaliy natijasi. Bugun "Terakzor"da yashovchilar uchun ko‘p yillik muammo bartaraf etildi. Endi farzandlarimiz maktabga, aholimiz esa o‘z manziliga ravon va xavfsiz yo‘l orqali qatnaydi, — deydi mahalla faoli Sobirjon Davronov.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri