Qalbaki aksizli mahsulotlarga qarshi keskin chora
Aholi salomatligini muhofaza qilish, iste’molchilar huquqlarini ta’minlash hamda noqonuniy mahsulotlar aylanmasiga barham berish bugun davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Ayniqsa, qalbaki aksiz markalari bilan muomalaga kiritilayotgan alkogol mahsulotlari nafaqat iqtisodiyotga katta zarar yetkazadi, balki inson hayoti va sog‘lig‘i uchun ham jiddiy xavf tug‘diradi. Shu bois bunday jinoyatlarga qarshi murosasiz kurash izchil davom ettirilmoqda.
Ana shunday tezkor tadbirlardan biri Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Buxoro viloyati Kogon shahar bo‘limi xodimlari tomonidan amalga oshirildi.
Tezkor tadbir davomida “F.Z.” xususiy korxonasi mas’ul shaxslari tomonidan Kogon shahrining “Toshmasjid” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan savdo do‘konida qalbaki aksiz markalari yopishtirilgan alkogol mahsulotlari sotuvga qo‘yilgani aniqlandi.
Tekshiruv jarayonida umumiy qiymati 22 million 800 ming so‘mlik, 22 turdagi 259 dona alkogol mahsuloti ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, qalbaki aksiz markalari qonun talablarini qo‘pol ravishda buzish bilan birga, mahsulotning kelib chiqishi va sifati kafolatlanmaganini ham anglatadi. Bu esa iste’molchilarning hayoti va salomatligi uchun jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 176-moddasi — qalbaki pul, aksiz markalari yoki qimmatli qog‘ozlarni yasash va o‘tkazish, shuningdek 186¹-moddasi — etil spirti, alkogolli hamda tamaki mahsulotlarini qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish yoki ishlab chiqarish alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda ish bo‘yicha tegishli tergov harakatlari olib borilmoqda.
Bunday tezkor tadbirlar bozorlarda halol raqobat muhitini saqlash, davlat byudjeti manfaatlarini himoya qilish va eng muhimi, aholini sifati kafolatlanmagan mahsulotlardan muhofaza qilishga xizmat qiladi. Har bir tadbirkor qonun talablariga qat’iy rioya etgan holda faoliyat yuritishi, har bir xaridor esa mahsulotning aksiz markasi va qonuniy kelib chiqishiga e’tibor qaratishi zarur.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri