“Temurbek” – Sohibqiron haqidagi yangi kitob
Mamlakatimizda ma’naviy yuksalish va tarixiy merosni asrab-avaylash borasidagi ishlar yangi bosqichga chiqmoqda. Prezidentimiz rahbarligida xalqimiz Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdek ulkan maqsad yo‘lida birlashmoqda. Bu jarayonda ma’naviyat va ma’rifat jamiyat taraqqiyotining muhim omili.
Bugungi murakkab va tez o‘zgarayotgan dunyoda milliy tarixga xolis yondashish, yosh avlod qalbida vatanparvarlik va tarixiy xotirani mustahkamlash dolzarb vazifaga aylandi. Davlatimiz rahbari tomonidan ham bu masalaga alohida e’tibor qaratilib, buyuk ajdodlarimiz, jumladan Amir Temurning hayoti va faoliyatini chuqur o‘rganish zarurligi ta’kidlanadi.
Ana shu ehtiyojdan kelib chiqib, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamda Raqamli texnologiyalar vazirligi tashabbusi bilan O‘zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali muallifligida “Temurbek” nomli yangi tarixiy qissa yaratildi.
Asar Sohibqiron Amir Temurning bolalik va o‘smirlik davrlarini yoritishga bag‘ishlangan bo‘lib, muallifning ko‘p yillik ilmiy va ijodiy izlanishlari asosida tayyorlandi.
[gallery-28617]
Ma’lumki, Amir Temurning (milodiy 1336–1405) bolaligi, o‘smirligi haqida rasmiy risolalar, ma’lumotlar tarixiy manbalarda kam saqlangan. Nizomiddin Shomiy, Sharafuddin Ali Yazdiy, Fasix Xavofiy kabi tarixchilar asarlari, shuningdek xalq og‘zaki ijodi namunalarida saqlanib qolgan parchalar asosida Temurbekning bolalik davrini qayta tiklashga urinishlar amalga oshirilgan. “Temurbek” asari ana shu manbalarni badiiy talqin qilish orqali o‘quvchiga yangi qarash va tasavvur beradi.
Kitobning o‘ziga xos jihati shundaki, u zamonaviy texnologiyalar asosida sun’iy intellekt yordamida yaratilgan illyustratsiyalar va videomateriallar bilan boyitilgan.
Shuningdek, asar yakunida buyuk sarkardaning avlodlarga qarata aytgan so‘zlari audio formatda taqdim etilgan.
“Temurbek” nafaqat tarixiy-badiiy asar, balki yosh avlodni milliy g‘urur, vatanparvarlik va ma’naviy barkamollik ruhida tarbiyalashga xizmat qiladigan muhim manba sifatida xizmat qiladi.
Mazkur kitob keng jamoatchilik, ayniqsa yoshlar, tarixshunoslar va adabiyot ixlosmandlari uchun mo‘ljallangan.
N.Usmonova, A.Alijonov (surat), O‘zA muxbiri